Jahon nashrlari bir oydan buyon go‘yoki Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy o‘rtasida frontdagi muvaffaqiyatsiz qarshi hujum fonida yuzaga kelgani aytilayotgan mojaroni muhokama qilmoqda. Barchasi Zalujniyning The Economist nashriga bergan intervyusidan boshlangandi, unda bosh qo‘mondon urush boshi berk ko‘chaga kirib qolgani va yillarga cho‘zilishi mumkinligini aytgandi. Zelenskiy bunga javoban vaziyatni umidsiz deb hisoblamasligini bildirib, yana bir marta Ukraina Rossiya bilan sulh va mojaroni vaqtinchaga muzlatib qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bormasligini ta’kidladi. Keyinroq prezident siyosat bilan shug‘ullana boshlagan harbiylar katta xatoga yo‘l qo‘yayotganini aytdi. Ko‘pchilik buni to‘g‘ridan to‘g‘ri bosh qo‘mondonga murojaat sifatida baholadi. Xuddi shu The Economist nashri ko‘p o‘tmay Zelenskiy va Zalujniy munosabatlarini endi «dahshatli»dan boshqa so‘z bilan ta’riflab bo‘lmasligi haqida yozdi. Prezident ofisidagilar mojaro haqidagi xabarlarni nonsens deb atagan. Bu vaqtda Zalujniyning frontdagi vaziyat bo‘yicha nuqtayi nazarini Kiyev meri Vitaliy Klichko ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlab chiqdi. O‘z navbatida, prezidentning «Sluga naroda» partiyasining Oliy Radadagi fraksiyasi vakili bo‘lgan deputat Maryana Bezuglaya esa Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonida 2024 yil uchun reja yo‘qligini aytib, uni iste’foga chiqishga chaqirdi. Ukrainadagi asosiy nashrlardan biri, urush va harbiy senzura sharoitida ham muntazam ravishda Ukraina rahbariyati tanqid qilingan materiallarni chop etib kelayotgan «Ukrainskaya pravda» prezident va bosh qo‘mondon o‘rtasida nimalar bo‘layotgani haqida yozdi.

«Odamlar Zalujniyni ilohiylashtirib yuborgan»

«Ukrainskaya pravda»ning UQK bosh shtabidagi suhbatdoshlariga ko‘ra, siyosatchilar hamda harbiylar o‘rtasidagi raqobat va mojaroning dastlabki belgilari 2022 yil bahoridayoq ko‘zga tashlangandi. Rossiya bosqini avj pallasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar ukrainlarning mutlaq ko‘pchiligi Zelenskiyga ishonch bildirishini ko‘rsatgandi — 93 foiz. Ammo yanada ko‘proq fuqarolar — so‘ralganlarning 98 foizi — jamoatchilikka ko‘rinish beravermaydigan Zalujniyni ifoda etadigan Ukraina qurolli kuchlarini ma’qullagan.

Prezident jamoasi vakili ma’lum qilishicha, Zelenskiyning ofisi rahbari Andrey Yermak o‘shandayoq Zalujniyda siyosiy ambitsiyalar bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qarata boshlagan. Masalan, bosh qo‘mondon o‘z nomidagi xayriya jamg‘armasi tashkil etishiga yo‘l qo‘yilmagan, Zelenskiyning ofisidagilar bu fond vaqti kelib siyosiy partiyaga aylanib ketishi mumkin deb hisoblashgan.

Bunday ixtilofdan keyin Zalujniy ongli ravishda mediadan yiroqlashgan va faqat xorijiy nashrlarda qisqa bayonotlar bilan ko‘rinish bergan. Ammo bu uning mashhurligi ortishiga sabab bo‘lib, «ukrain jamoatchiligining fenomenal reaksiyasi»ni yuzaga keltirgan, deya yozadi UP.