Jahon | 08:21 / 07.12.2023
4034
3 daqiqa o‘qiladi

G7 yetakchilari Rossiya olmoslariga nisbatan sanksiyalar bo‘yicha kelishib oldi

Rossiyadan qayta ishlanmagan olmoslarga nisbatan sanksiyalar 1 yanvardan kuchga kirishi kerak, deyiladi G7sammiti bayonotida. Zelenskiy G7 yetakchilari bilan gaplashib, ularni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishga chaqirdi. 

Foto: Pixabay

G7 davlatlari Rossiya olmoslari importini cheklashga kelishib oldi. Bu haqda 6 dekabr, chorshanba kuni e’lon qilingan, Tokioda videoformatda bo‘lib o‘tgan «Katta yettilik» yetakchilari sammitining yakuniy hujjatida aytiladi.

Hujjatga ko‘ra, Rossiyada qazib olingan, qayta ishlangan yoki ishlab chiqarilgan nosanoat olmoslarni import qilish bo‘yicha cheklovlar 2024 yil 1 yanvardan kuchga kirishi kerak. Uchinchi mamlakatlarda qayta ishlangan rus olmoslariga nisbatan sanksiyalar asta-sekin, taxminan, keyingi yilning mart oyidan boshlab joriy etiladi. 

«Ushbu chora-tadbirlar samaradorligini oshirish uchun ko‘plab qayta ishlanmagan olmoslarni import qiluvchi G7 mamlakatlari 2024 yil 1 sentabrgacha mustahkam kuzatuv va sertifikatlashtirish tizimini joriy qiladi», deyiladi Britaniya bosh vazirining idorasi tomonidan e’lon qilingan sammit bayonotida. Shuningdek, u G7 mamlakatlari «Rossiya harbiy va sanoat sohasi uchun o‘ta muhim bo‘lgan barcha tovarlarni eksport qilish bo‘yicha cheklovlarga sodiq qolishini» ta’kidladi hamda «uchinchi tomonlarni» ushbu choralarga rioya qilishga chaqirdi. 

Zelenskiy G7 yetakchilari bilan suhbatlashdi 

G7 yetakchilari chorshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan gaplashib, u ularni Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishga chaqirdi. «Rossiya Amerika va Yevropa kuchsizligini ko‘rsatib, Ukrainani kerakli darajada qo‘llab-quvvatlamasligiga ishonyapti. U erkin dunyo o‘z sanksiyalariga to‘liq amal qilmasligiga ishonyapti», - dedi Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, «erkin dunyo birdam bo‘lib qolishi, erkinligi hujum ostida bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlashi juda muhimdir».

Zelenskiy G7 yetakchilarini frontdagi vaziyat haqida xabardor qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin rossiyaliklarning urush jarayonidan o‘sib borayotgan noroziligini tinchlantirish uchun frontda bosimni sezilarli darajada oshirgan, biroq ukrainalik harbiylar zarbalarga dosh berib, frontning bir necha yo‘nalishlarida muhim nuqtalarni saqlab qolmoqda va keyingi qadamlarga tayyorlanmoqda. «U bu yil birorta ham operatsiyada g‘alaba qozonmadi», - dedi Ukraina prezidenti. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning sa’y-harakatlari o‘z ittifoqchilari ko‘magida joylarda muvaffaqiyatni ta’minlashi mumkin. 

Uchrashuvdan so‘ng AQSh prezidenti Jo Bayden G7 mamlakatlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishga tayyorligini ma’lum qildi. «Biz bu masalani muhokama qildik. Barcha Yevropa yetakchilari, biz hammamiz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», dedi u Oq uyda bayonot berib. 

Mavzuga oid