Atrof-muhitni bulg‘ash hisobiga katta boylik to‘plab olgan, ulkan sanoatga ega davlatlar bu bulg‘anishdan jabr chekayotgan kambag‘allar davlatlarga o‘z texnologiyalari va moliyaviy resurslari bilan yordamlashishga shoshilmayapti.
30 noyabr kuni Dubayda sayyoramizning eng yirik ekologik forumi – BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasiga a’zo 200 ga yaqin davlatning 28-konferensiyasi (COP28) boshlandi. Sammitning ilk kunlarida 140 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari qatnashgan bo‘lsa, keyingi kunlarda konferensiya delegatlar, ekspertlar va ekofaollardan iborat 70 mingdan ortiq mehmon ishtirokida davom etmoqda.
Avvalo, bu konferensiyaning Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tishiga doir mojarolar yuz berganini aytish kerak. Ekologiya bo‘yicha ko‘plab halqaro tashkilotlar, yashillik himoyachisi bo‘lgan ba’zi davlatlar BAAni “greenwashing”da, ya’ni soxta yashillik himoyachisi ekanlikda ayblashadi. Ularga ko‘ra, BAA – dunyodagi oltinchi eng yirik neft va gaz ishlab chiqaruvchi davlat. Jon boshiga, amirlik eng ko‘p miqdordagi zaharli gazlar ishlab chiqaradi. Bunday salohiyatli konferensiyani o‘tkazish orqali amirlik o‘zi uchun noloyiq bo‘lgan soxta obro‘ va reputatsiyaga ega bo‘lishga intilishda ayblanadi.
Konferensiyani olib boruvchi shaxs – BAA eng katta neft kompaniyasi prezidenti Sulton Jobir ekani ham ekologlar tomonidan alohida tanqid qilindi. Ekologlarga ko‘ra, neft va gaz – sayyoramizni eng ko‘p bulg‘ayotgan omillardan hisoblanadi. Neft kompaniyalari esa, ekologik forumlarda raislik qilishi emas, tanqid qilinishi va neft hamda gaz ishlab chiqarish jarayonini xavfsiz o‘zanga o‘tkazishlari kerak, deb talab qilishadi ekologlar.
Xo‘sh, bu kabi konferensiyalar nimanidir o‘zgartira oladimi? O‘zi, muammo nimada? Juda ko‘plab tadqiqotlarga ko‘ra, 21-asrdagi hammani birdek bezovta qiladigan birinchi muammo – ekologiya, atrof-muhit bo‘ladi. Issiqxona effektini hosil qiluvchi gazlar rekord darajada ko‘paygan. Yer yuzi keyingi 9 yilda muttasil isib bormoqda. Har yili yangi issiqlik rekordlari o‘rnatilmoqda. 2015 yilda imzolangan Parij kelishuviga ko‘ra, Yer sharidagi harorat qo‘shimcha 2° darajadan oshmasligi kerak.
Lekin, BMT bosh kotibi Antoniu Gutterishga ko‘ra, shu ketishda sayyoramiz qo‘shimcha 3° darajadan ham isib ketishi aniq. Geturrish Dubaydagi chiqishida global isishni “Yer sharida do‘zax eshiklari ochila boshladi” deya tariflagan. Iqlim o‘zgarishi sabab 2050 yilgacha abadiy muzliklarning uchdan bir qismi erib tugaydi. Bundan keyin suvsizlik, qurg‘oqchilik, ommaviy ekologik ko‘chishlar avj oladi.















