Jahon | 08:21 / 08.12.2023
4525
3 daqiqa o‘qiladi

Litva Abramovichning farzandlariga fuqarolik berilgani holatini tekshirmoqda

Vilnyus surishtiruvga reaksiya bildirdi, unda Roman Abramovichning ikki farzandi Litva fuqaroligini olgani aytiladi. Ularga pasport berish holatlarini Ichki ishlar vazirligi komissiyasi tekshiradi.

Foto: Picture Alliance

Litva hukumati rossiyalik oligarx Roman Abramovichning ikki farzandi Litva fuqaroligini qanday shartda olganini tekshirmoqda. Vilnyus bu haqda 7 dekabr, payshanba kuni ommaviy axborot vositalarida milliarderning o‘g‘li va qizi Litva fuqaroligiga ega ekanligi haqidagi surishtiruv e’lon qilinganidan so‘ng ma’lumot berdi, bu ularning otasiga joriy qilingan xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam bergan bo‘lishi mumkin.

Roman Abramovichning o‘g‘li Arkadiy va qizi Anna Litva fuqaroligini olgan holatni baholash uchun Ichki ishlar vazirligi komissiyasi tuzildi. Shu bilan birga, Migratsiya departamentiga YeI sanksiyalariga duchor bo‘lgan shaxslarning boshqa oila a’zolari Litva fuqarolarimi yoki yo‘qmi, shuni tekshirish topshirildi. 

Litva fuqaroligi to‘g‘risidagi qonun o‘zgarishi kutilmoqda 

«Fuqarolikni berish sir bo‘lishi mumkin emas va Litva pasporti sanksiyalarni chetlab o‘tish yoki ularni boshqa yo‘llar bilan suiiste’mol qilish uchun niqob bo‘la olmaydi», dedi Litva Ichki ishlar vazirligi rahbari Agne Bilotayte. Shuningdek, u respublika qonunchiligiga respublika milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi shaxslarni fuqarolikdan mahrum etish imkonini beruvchi o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Hozirda Litva qonunlari standart tartib orqali olingan fuqarolikni bekor qilishga ruxsat bermaydi. Biroq, agar Litva pasportlari istisno tariqasida Anna va Arkadiy Abramovichga taqdim etilgan bo‘lsa, unda Litva migratsiya departamenti rahbari Evelina Gudzinskaytening so‘zlariga ko‘ra, ular milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan olib qo‘yilishi mumkin. Litva bosh vaziri Ingrida Shimonite Seymda fuqarolik to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritish zarurligini muhokama qilish kerakligini aytdi. 

Abramovich va YeI sanksiyalari 

Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlaganidan so‘ng Roman Abramovich Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan, biroq uning oila a’zolari sanksiyalarga duchor bo‘lmagandi. 2023 yil yanvarida Britaniyaning The Guardian gazetasi Ukraina urushidan sal avval Abramovich o‘z aktivlarining bir qismini farzandlariga o‘tkazganini yozgan edi. OCCRP xalqaro konsorsiumi va uning litvalik hamkori Siena tomonidan «Kipr sirlari» loyihasi doirasida olib borilgan yangi surishtiruv shuni ko‘rsatadiki, Kipr korporativ xizmatlar provayderidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bolalarning ikki nafari - Arkadiy va Anna Litva pasportiga ega. 

Roman Abramovichning advokati jurnalistlarning izoh so‘rashiga javob bermadi. Abramovichning bobosi va buvisi asli Litvada bo‘lganligi 2018 yilda ochiqlangan, ammo oligarxning o‘zi, migratsiya idoralariga ko‘ra, Litva fuqaroligiga ega emas. 

Mavzuga oid