Antoniu Koshta bu haqda 26-avgust kuni Vilnyusda Litva prezidenti Gitanas Nauseda bilan uchrashuvdan keyin maʼlum qildi.

«Ukraina qurolli kuchlarining jasorati tufayli jang maydonidagi vaziyat oʻzgarmoqda. Rossiya jiddiy niyat bilan muzokaralar stoliga oʻtirmaguncha, biz bosimni kuchaytirishda davom etamiz», dedi Yevropa kengashi raisi.

Litva Koshtaning Yevropa Ittifoqiga aʼzo barcha mamlakatlar boʻylab safarining uchinchi manzili boʻldi. U 26-avgust kechqurun Rigaga yoʻl olishi, undan bir kun avval esa Bratislava va Tallinnga tashrif buyurgani aytilgan.

Safar davomida Koshta Yevropa davlatlari rahbarlari bilan YeIning yangi siyosiy mavsumdagi ustuvor vazifalarini muhokama qilmoqda.

Tallinnda Yevropa kengashi raisi YeIning Ukrainani qoʻllab-quvvatlash strategiyasidagi toʻrtta asosiy yoʻnalishni sanab oʻtdi.

Birinchidan, Yevroittifoq Ukrainaga ajratilgan 90 mlrd yevrolik kreditdan mamlakatning havo hujumidan mudofaa tizimi va qish oldidan energetika quvvatlarini mustahkamlash uchun foydalanmoqchi.

Ikkinchidan, YEI «koʻngillilar koalitsiyasi» doirasida Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqish ustida ishlamoqda.

Uchinchidan, Rossiyani tinchlik jarayonida konstruktiv ishtirok etishga undash maqsadida unga nisbatan bosimni kuchaytirish rejalashtirilgan.

Toʻrtinchidan, Yevropa Ittifoqi Ukrainaning YeIga aʼzo boʻlish yoʻlidagi harakatini ilgari surishda davom etadi.

Ukrainani qoʻllab-quvvatlashdan tashqari, Koshta mudofaa, raqobatbardoshlik va Yevroittifoqni kengaytirishni ham asosiy masalalar qatoriga kiritdi.

Uning Yevropa poytaxtlari boʻylab hozirgi safarida 2028–2034-yillarga moʻljallangan yangi uzoq muddatli byudjetga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Koshta Vilnyusda yangi byudjetni kelishib olishni YEI joriy kuzda hal qilishi kerak boʻlgan «hal qiluvchi vazifa» deb atadi. Uning taʼkidlashicha, Yevropa Ittifoqi rahbarlari 2026-yil oxiriga qadar kelishuvga erishishi zarur. Aks holda, 2028-yilda umumevropa dasturlarini moliyalashtirishda uzilishlar yuzaga kelishi mumkin.

YeIning amaldagi yetti yillik byudjeti 2020-yilda kelishilgan. Koshtaning soʻzlariga koʻra, oʻshandan beri dunyodagi vaziyat keskin oʻzgargan va shu sababli navbatdagi byudjetning tuzilishi avvalgilardan jiddiy farq qilishi kerak.