«Betis» – «Real» (9 dekabr, 20:15, Mahalla telekanali)

«Betis» oxirgi marta sentabrda «Barselona»ga 0:5 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi. O‘shandan oldingi turda esa Bilbaoda 2:4 hisobida mag‘lubiyat kuzatilgan. La Liga doirasida shundan keyingi 10 o‘yinda jamoa biror marta ham yutqazgani yo‘q. To‘g‘ri, bu uchrashuvlarning aksariyati – oltitasi durang hisob bilan yakunlangan. Shunday bo‘lsa-da, ayni pallada, ayniqsa, o‘z maydonida «Betis» eng xavfli jamoalardan sanaladi.

O‘sha sentabrdan buyon barcha musobaqalarda 13 o‘yinni mag‘lubiyatsiz o‘tkazayotgan «Real» uchun ham jiddiy sinov bo‘lishi shubhasiz. «Betis»ning o‘z maydonidagi o‘yinlar bo‘yicha statistikasi olinsa, jamoa 9 uchrashuvdan buyon yutqazmagan. Bundan tashqari, ko‘pchilik uchun Iskoning sobiq jamoasiga qarshi o‘yinini kuzatish ham ancha qiziq bo‘lsa kerak. Futbolchi Madridni tark etganidan buyon ilk marta «Real» bilan o‘ynamoqda.

«Real»da jarohatlar juda ko‘p. Anchelotti har qanday vaziyatda turli yo‘llar topib, raqobatbardosh tarkib shakllantirayotganining o‘zi tahsinga sazovor. Ayni paytda Tchuameni, Militao, Kamavinga, Kurtua hamda Vinisius jarohat tufayli safda yo‘q. Arda Gulerning debyuti shu oy oxirigacha kechiktirilgani aytilmoqda. Shunday sharoitlarda ham madridliklar yuqorida tilga olingan seriyani qayd etayotgani, La Liga va YeChLda peshqadam bo‘lib turganining o‘zi katta gap.

«Betis»da ham muammolar yetarli. Fekir va Karvalyu yo‘qligiga jamoa muxlislari ham ko‘nikib bo‘lishdi. Mark Bartra yil oxirida safga qaytadi, Gido Rodriges safda emasligi esa ko‘proq sezilsa kerak. Argentinalik tayanch yarimhimoyachisi o‘tgan turda jarohat oldi va yanvargacha tiklanmasligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Shuningdek, Ektor Bellerin «Almeriya»ga qarshi o‘yinda olgan qizil kartochkasi tufayli ushbu o‘yinni o‘tkazib yuboradi.

O‘zaro o‘yinlar borasida tabiiyki, madridliklarning ustunligi katta. Oxirgi 20 o‘yindan atigi to‘rttasida andalusiyaliklarning qo‘li baland kelgan. Oxirgi marta esa bu jamoa «Real» ustidan 2020 yilda g‘alaba qozongandi. O‘tgan mavsumdagi Sevilyadagi bahsda hisob ochilmagandi.

«Aston Villa» – «Arsenal» (9 dekabr, 22:30, Setanta)

«Gub ebening». Tugayotgan haftada Angliyadagi eng mashhur ibora. Unai Emeri o‘z vaqtida «Arsenal»ni ham boshqargandi. Kimsan, Arsen Vengerning o‘rnini bosishi kerak bo‘lgan mutaxassis tabiiyki, ishonchni oqlay olmagan, maydondagi mag‘lubiyatlaridan tashqari, inglizcha talaffuzi ham kulgi bo‘lib, memlarga aylanib ketgandi. Ammo agar jamoang g‘alaba qozonib tursa, har qanday kamchilik ham o‘ziga xoslik belgisi sifatida ko‘rinaverar ekan.