O‘zbekiston nomi turli joylarda har xil va noto‘g‘ri yozilishini ta’kidlab, alifbo islohoti bo‘yicha bahslarga qat’iy nuqta qo‘yishni hamda ayrim o‘zgarishlarni joriy etish zarurligini aytdi.

«Gap bizning millatimiz va yurtimiz nomi haqida ketyapti», — dedi Saida Mirziyoyeva va ekranda «O‘zbekiston» yozuvining turlicha yozilishlari namoyish etildi.

«To‘g‘ri, alifbo islohoti yangi bahslar, tortishuvlar, ko‘zda tutilmagan moliyaviy xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Lekin yana bir bor ta’kidlayman: gap vatan va millat nomini to‘g‘ri yozish haqida ketar ekan, bunday bahs va tortishuvlarni bas qilishimiz, alifbodagi ayrim o‘zgarishlarni joriy etishimiz va shu bilan alifbo masalasiga qat’iy nuqta qo‘yishimiz zarur», — dedi davlat rahbari yordamchisi.

Huquqshunos, O‘zA bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev alifbo islohoti masalasida ko‘pchilik tilga oladigan xavotir va afsonalarni qisqacha tahlil qildi.

Bizda alifbo almashmayapti!

Alifbomiz o‘sha-o‘sha turibdi va yana turadi. «Alifbo almashsa, xalq savodsiz bo‘ladi», deganlarning fikri to‘g‘ri, ammo bizda alifbo almashayotgani yo‘q va bizga bu taalluqli emas.

1929 yilda arabchadan lotinga, 1940 yilda lotindan kirillga o‘tkazilganda haqiqatan ham xalq ma’lum ko‘rinishda savodsizlashgan. Lekin bu yerda bir yozuvdan mutlaqo boshqa yozuvga o‘tish haqida gap ketmoqda.

Bizda hozir alifbo va yozuv almashmaydi. Hattoki jiddiy o‘zgartirilmaydi ham. Alifbodagi ayrim harflarning (minimum 2 ta, maksimum 4 ta) shakli biroz, yana qaytaraman, birozgina o‘zgartiriladi.

Masalan:

O‘ => Õ õ

G‘ => Ğ ğ

Bu shakllar barchaga tanish, shundoq ham yozma husnixatda shu kabi shakllardan foydalanamiz. Shu sababli, «alifbo islohoti xalqni savodsiz qiladi», degan balandparvoz da’volar shunchaki afsona xolos!

Alifbo islohoti uchun vahimali darajada katta mablag‘ ketmaydi