Dunyodagi eng qudratli lobbi – AQShdagi Isroil lobbisi ekani aytiladi. Xo‘sh, lobbi o‘zi nima, ularning Amerika siyosatidagi o‘rni qay darajada? “Geosiyosat” ruknida siyosiy tahlilchilar Farhod Tolipov, Kamoliddin Rabbimov va Hamid Sodiq shu haqda so‘z yuritdi.

— Qo‘shma shtatlardagi lobbizmning hukumatga ta’sir etish mexanizmi qanday shakllangan? Lobbi guruhlarining AQSh ichki va tashqi siyosatini shakllantirishdagi roli qanday?

Farhod Tolipov: — AQShdagi lobbizm ancha tarixiy jarayonlarga ega. Birinchi alomatlar 19-asrda paydo bo‘lgan. Lekin AQShda lobbizmga nisbatan yagona bir qarash yoki qonuniy me’yorlari mavjud emas. Ayrim shtatlarda lobbizm qonuniy asosga ega, ayrimlarida esa taqiqlangan, ya’ni yakdil qarash yo‘q bu borada. Lobbi so‘zi inglizchadan olingan bo‘lib, bizda koridor, dahliz degan ma’nolarni beradi.

AQSh azaldan demokratiyaga borib taqaladigan fenomen. Lobbizm esa turli siyosiy kuchlar manfaatlarini qaror, qonun qabul qiluvchi idoralargacha yetkazish mexanizmi sifatida ko‘riladi. Qandaydir manfaat guruhlarining manfaatini ifoda etuvchi muayyan shaxslar, qaysidir ma’nodagi fraksiyalar paydo bo‘ladi, ular lobbi hisoblanadi. Ular o‘sha manfaat guruhlariga tegishli, ularni himoya qiladigan qonun, qarorlar qabul qilinishiga harakat qiladi.

Lobbizm har doim ham muvaffaqiyatli bo‘lavermaydi. Aytganimdek, qarashlar ham turlicha. Demokratiyaga to‘g‘ri kelmaydi, deydiganlar ham, aynan demokratiyaning bir ko‘rinishi, deydiganlar ham bor. Shuning uchun bu narsa ziddiyatli.

Kamoliddin Rabbimov: — Farhod aka aytgandek, lobbi koridor, dahliz ma’nolarini beradi. AQSh Kongressi va Senati binolarida har bir kongressmen va senatorning o‘z xonasi bor, u yerga begonalar kirmaydi. Ular o‘z xonasidan chiqib, majlislar zaliga borguncha koridordan o‘tadi, ayni o‘sha koridorda lobbistlar senator yoki kongressmenga o‘z manfaatlarini, loyihalarini aytib qoladigan bo‘lgan. Lobbi tushunchasi shundan shakllangan, keyinchalik esa bu narsa katta fenomenga aylandi.

AQSh demokratiyasi qoidasiga ko‘ra, parlamentdagi 2 ta palata ham ijtimoiy manfaatlardan kelib chiqib qarorlar qabul qilishi kerak. AQShdagi ochiqlik va shaffoflikdan kelib chiqib, lobbilar ularga o‘z manfaatlarini singdirishga harakat qiladi. Masalan, Kapitoliy zinapoyalari oldida yoshi katta, qimmat kostyum-shimdagi kishilarni ko‘rish mumkin. Ular siyosatchilarga o‘z manfaatlarini singdirishga harakat qiladi, qog‘ozda qandaydir ma’lumot-statistikalar ham berishadi. Bugungi kunda dunyoda professional lobbi guruhlar shakllangan. O‘zbekistondagi endi shakllanayotgan siyosiy madaniyatimiz uchun AQShdagi lobbizm qo‘pol, agressiv ko‘rinishi mumkin, ammo AQShdagi ochiqlik va shaffoflikdan kelib chiqsak, bu me’yoriy holat.