12:11 / 12.12.2023
2681

O‘zbekiston va Gurjiston o‘rtasida navbatdagi siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazildi

Tbilisi shahrida O‘zbekiston va Gurjiston Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida navbatdagi siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Foto: TIV

5 dekabr kuni Tbilisi shahrida O‘zbekiston va Gurjiston Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida navbatdagi siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.

TIV xabariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov, Gurjiston delegatsiyasiga esa tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Xvtisiashvili boshchilik qildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning joriy holati ko‘rib chiqildi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini yanada kengaytirish, parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, savdo-sanoat kooperatsiyasi sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, birinchi hududlararo forum, ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi hamda O‘zbekiston va Gurjiston mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ko‘rgazmalarini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Muzokaralar chog‘ida turizm, madaniyat va ta’lim sohalaridagi aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

2024 yilda nishonlanadigan O‘zbekiston va Gurjiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan ushbu muhim sanani nishonlash bo‘yicha qo‘shma tadbirlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Top