Bir tomondan, u haqiqiy jangovar general sanalgan — harbiy harakatlar hududiga shaxsan o‘zi borgan va frontdagi amaliyotlarda bevosita ishtirok etgan. Qo‘rquv bilmasligi tufayli u oddiy askarlar orasida «Vitya-voyna» laqabi bilan tanilgan. Boshqa tomondan, ko‘pchilik ukrain armiyasi tarixidagi eng fojiali sahifalardan birini — Ilovaysk kotelini aynan uning familiyasi bilan bog‘laydi. Lekin nima bo‘lganda ham, dunyoda Rossiya armiyasiga qarshi turishda Viktor Mujyenko kabi hayotiy tajribaga ega bo‘lganlar juda kam topiladi.

Volodimir Zelenskiy 2019 yil mayida prezidentlikka saylanishi bilan o‘zining ilk qarorlaridan biri sifatida Viktor Mujyenkoni iste’foga chiqaradi. O‘shanda ko‘pchilik Rossiya bilan murosa haqidagi shiorlar orqali hokimiyatga kelgan Zelenskiy «poroshenkochi» generalitetga ishonch bildirmagani haqida gapirgandi.

To‘rt oy o‘tib esa Ukraina prezidenti Mujyenkoni harbiy xizmatdan ham butunlay bo‘shatib yuboradi. General Ukraina qurolli kuchlarining Markaziy ilmiy-tadqiqot institutida ilmiy ish bilan shug‘ullana boshlaydi.

2022 yil 24 fevrali tongida 60 yoshli Viktor Mujyenko harbiy formasini kiyadi va «o‘z tashabbusi bilan Bosh shtabga yo‘l oladi». O‘shanda, katta urushning ilk kunida uni Ukraina QK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy bilan harbiy harakatlarning ulkan xaritasi ustida engashib turgan holatida suratga olishgan.

«Men ishga qo‘shildim, qarshilik ko‘rsatish va Rossiya tajovuzini qaytarishni tashkillashtirish bo‘yicha jarayon boshlandi», — deya hikoya qiladi u Ukraina QK bosh shtabidagi o‘z ishi haqida qisqacha.

Bu ish uzoq cho‘zilmaydi. Mujyenko shunday eslaydi: yigirmanchi aprelda, Rossiya qo‘shini Kiyev ostonasidan ketganida, Valeriy Zalujniy unga prezident Zelenskiy «u boshqaruv punktida bo‘lmasligi kerak» degan fikrda ekanini bildiradi.

Shundan keyin Viktor Mujyenko ilmiy ishga qaytadi. BBC ukrain xizmati muxbiri Oksana Toropga berilgan intervyu— u Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi davrida OAV bilan kamdan kam muloqotlaridan biri bo‘ldi.

Qarshi hujum nega umidlarni oqlamadi?

BBC bilan suhbatda Viktor Mujyenko Ukraina qo‘shinlarining shu yozda boshlangan qarshi hujumi natijalariga aniq baho berib bo‘lmasligini aytadi.

Bir tomondan, deydi u, Ukraina qurolli kuchlari «rossiyaliklarni siqib chiqarishga muvaffaq bo‘ldi» va  Rossiya qo‘shini havoda va artilleriya borasida ustunlikka egaligi, ko‘plab kilometrlarga cho‘zilgan minalangan maydonlar mavjudligi hisobga olinsa, buni mo‘jiza deb atash mumkin.