Kuz boshlanishi bilan Ukrainaning oldingi chiziqdagi xandaqlari amalda o‘tib bo‘lmaydigan loy bilan to‘lgan va bu qo‘shinlar harakatini sezilarli darajada sekinlashtirgandi. Ukrainlarning Baxmut atrofidagi pozitsiyalarida bo‘lgan The Wall Street Journal jurnalistlari okoplarda loygarchilikdan tashqari yana bir jiddiy muammo haqida yozishgan — oziq-ovqat zaxiralari va kiyim-kechaklarni yo‘q qilib, to‘shaklarni ilma-teshik qilayotgan yuzlab kalamush va sichqonlar. Harbiy ekspertlar front chizig‘idagi sharoitni Birinchi jahon urushi davri bilan tenglashtirishgan va loy, namgarchilik, sovuq va uxlashga qo‘ymaydigan kemiruvchilar askarning ruhiy holati va janglardagi harakatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi haqida ogohlantirmoqda.

The Wall Street Journal nashri ta’biricha, Ukrainada oktyabr oylarida boshlangan va qish oxiriga qadar davom etadigan «loy mavsumi» — harbiy harakatlar borishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Loy va sovuq gusenitsali bo‘lmagan barcha transport vositalari harakatini to‘xtatadi va piyoda holda hujum qilishni qiyinlashtirib, ikki tomonning ham katta yutuqlarga erishishiga imkon bermaydi. Nashrning qayd etishicha, hozirda oldingi chiziqlarda kuzatilayotgan vaziyat Birinchi jahon urushi yillarini eslatadi: xandaqlar tizimlari, mustahkamlangan mudofaa chiziqlari va muntazam artilleriya zarbalari bilan.

Ammo bundan tashqari yana bir muammo bor — okoplardagi kemiruvchilar. The Wall Street Journal nashri yozishicha, oldingi chiziqlarda artilleriya o‘qlari ovozi tinganida boshqa tovushlar eshitila boshlaydi — hammayoqni kalamush va sichqonlarning chiyillashi va dupurlashi tutib ketadi. Kemiruvchilar hamma joyga kirib borishadi — karavotga, kiyimlarga, yegulik zaxiralariga. «Tunda himoyalanish uchun nima qilsang ham, ular baribir ichkariga kirib olishadi», — deydi nashrga «Lukash» chaqiruv belgisiga ega jangchi. U o‘z bobosining Ikkinchi jahon urushi haqidagi xotiralarini qanday tinglaganini eslaydi va o‘zi ham xuddi shunday sharoitga tushib qolishini tasavvur qilmaganini aytadi.

Artilleriyachilardan biri, «Sledopit» laqabli jangchi kechasi qichishishdan uyg‘onib ketgani va ko‘kragida soqolini kemirayotgan ulkan sichqonni ko‘rganini aytadi. U jurnalistlarga libosidagi kemiruvchilardan qolgan ulkan teshikni ko‘rsatadi. Ukrain jangchilariga ko‘ra, sichqon va kalamushlar betaraf hududda qolgan rossiyalik askarlarning jasadlarini ham kemirmoqda.

Ukrainalik harbiylar kalamushlarni inidan chiqarib, ularni o‘qqa tutmoqda, okoplar va transheyalarda qo‘lbola yopishqoq qopqonlar o‘rnatilmoqda. «Teklberri» laqabli artilleriyachi bir safar kun davomida qopqonga 53 ta keyingi kuni esa — yana 43 ta sichqon tushgani haqida aytadi. Shu bilan birga, nashr Grinvich universitetining kemiruvchilar bo‘yicha eskperti Stiven Belmeynga tayanib yozishicha, ularga qarshi bunday kurash samarasiz — chunki ular juda tez ko‘payadi.