O‘zbekiston | 11:49 / 13.12.2023
21800
3 daqiqa o‘qiladi

Xonadonda elektr uskunalaridan ortiqcha foydalanganda avtomatik tarzda o‘chirib qo‘yish amaliyoti vaqtincha to‘xtatildi

Ijtimoiy tarmoqlarda soatiga 4,5 kilovatt soatdan ortiqcha elektr energiyasi ishlatgan xonadon elektr ta’minotidan uzilishi haqida xabarlar tarqaldi. Energetika vazirligi rasmiy tushuntirish bilan chiqdi.

Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli qarori bilan qabul qilingan qoidalarning 63-4-bandiga asosan, iste’mol qilinadigan elektr energiyasidan oqilona foydalanish maqsadida maishiy iste’molchilarning elektr energiyasi iste’moli yuklama orqali chegaralanishi, bunda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan elektr energiyasini nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi doirasida iste’molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan qurilmalarning minimal quvvatidan va joylashgan hududidan kelib chiqib, hisoblagich orqali 10 – 15 kVt quvvat doirasida cheklov kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, soatiga 4,5 kilovatt soat degan gap shu bandning noto‘g‘ri talqini bo‘lmoqda.

Bu amaliyot iste’mol yuqori bo‘lgan joylarda qo‘llanadi va iste’molchi ortiqcha uskunalarni o‘chirib, kuchlanishni belgilangan me’yordan kamaytirsa, hisoblagich uzog‘i bilan 15 daqiqa ichida avtomatik ravishda yonadi.

Havo haroratining sovuq kunlarida iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bu norma vaqtincha bekor qilindi.

Ya’ni, xonadon egasi elektr energiyasidan belgilangan me’yordan ortiqcha foydalanganda, hisoblagich avtomatik tarzda o‘chirib qo‘yilmaydi.

"Hurmatli iste’molchilar, keraksiz, ortiqcha elektr uskunalardan imkon qadar foydalanmasliklaringizni, elektr energiyasini tejashlaringizni va behuda yonib yotgan quvvatlarni o‘chirib qo‘yishlaringizni so‘raymiz.

Yodda tuting: agar xonadoningizda elektr toki ortiqcha yuklama bilan o‘chgan bo‘lsa, yuklamani kamaytirganingizdan so‘ng elektr ta’minoti 10 – 15 daqiqa orasida avtomatik ravishda tiklanadi.

15 kVt soat elektr energiyasi sarflash uchun bir vaqtning o‘zida bir soat davomida 6 ta muzlatkich, o‘rtacha 1,5 kVt quvvatli 3 ta konditsioner va 3 ta elektr pechi yoniq turishi kerak.

3 ta televizor hamda 20 ta lampochkaning iste’mol hajmi, nari borsa, 1,5-2 kVt soat bo‘lishi mumkin, xolos.

Shunday ekan, 98 foiz aholining xavotir olishiga mutlaqo o‘rin yo‘q", deyiladi vazirlik bayonotida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid