O‘zbekiston | 12:24 / 14.12.2023
20511
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda o‘quvchisi tok urib vafot etgan maktabning direktor o‘rinbosari qamoqqa olindi

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktabning 8-sinf o‘quvchisi tok urishi oqibatida vafot etgandi. Voqea ortidan maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari qamoqqa olindi.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 99-maktabning 8-sinf o‘quvchisi muassasa hududida tok urishi natijasida vafot etishi ortidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida maktabning «zamdirektor»i qamoqqa olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz’ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi «a» bandi va boshqa moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Avvalroq ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186- va 207-moddalari (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish hamda mansabga sovuqqonlik bilan qarash) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. 

Eslatib o‘tamiz, o‘quvchi bilan ro‘y bergan bu voqea haqidagi xabarlar 28 noyabr kuni tarqalgandi. 

Keyinroq MMTB vakillari bu bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, bola muassasa hovlisidagi sport maydonidan chiqib ketayotganida ahvoli yomonlashib, hushidan ketganini ma’lum qilgandi. 

Qolaversa, boshqarma o‘quvchini tok urmagani va mazkur hududda hech qanday elektr toki kabeli uzilgan holat kuzatilmagani hamda maktab stadioni va uning atrofida elektr energiya uzatkichlari borligi aniqlanmaganini yozib o‘tgan. Biroq hozirda xabardan mazkur jumlalar olib tashlab, tahrirlab qo‘yilgandi.

Shundan so‘ng Bosh prokuratura bolani maktabda elektr toki urishi natijasida vafot etganini tasdiqlagan.

Shuningdek, Kun.uz 99-maktabdagi bu holatdan 2 hafta oldin boshqa o‘quvchini ham tok urganidan xabar topgan va agar bu tasdiqlansa, maktab mansabdorlariga nisbatan JKning 207-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi lozimligi haqida yozgandi.

Mavzuga oid