Nizomga ko‘ra, davlat mulkini ijaraga berish jarayoni har qanday jismoniy va yuridik shaxs (Tashabbus ko‘rsatuvchi ) tashabbusi asosida boshlanishi mumkin.

Bunda tashabbus ko‘rsatuvchi bevosita Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki obektlaridan samarali foydalanish markaziga yoki uning hududiy boshqarmalariga (ijaraga beruvchiga):

- davlat mulkining tavsifi va joylashgan joyini;

- balansda saqlovchini (bunday ma’lumotlarga ega bo‘lgan taqdirda) ko‘rsatgan holda taklifini yozma yoki elektron taqdim etadi.

Takliflar shu kunning o‘zida ko‘rib chiqish uchun ijaraga beruvchiga yuboriladi. Shunga ko‘ra, ijaraga beruvchi 2 kun muddatda balansda saqlovchiga davlat mulkini ijaraga berish bo‘yicha munosabat bildirish yuzasidan so‘rov yuboradi.

Ijaraga beruvchi balansda saqlovchining arizasi kelib tushgandan 2 kun ichida davlat mulkini «E-auksion» elektron savdo platformasi orqali onlayn-auksion savdosiga chiqaradi.

Ijaraga oluvchi tomonidan ijtimoiy soha obekti tarkibidagi yerda:

- binolar va inshootlar, jumladan, yer osti inshootlarini qurish (yengil konstruksiyali inshootlar bundan mustasno);

- ko‘ngilochar obektlar faoliyatini tashkil etish (madaniyat obektlarining yer uchastkalari bundan mustasno) taqiqlanadi.

Davlat mulki ijarasining eng ko‘p muddati:

- bir ijara shartnomasi doirasida 6 yil;

- nodavlat professional ta’lim tashkilotlari hamda kichik tadbirkorlik sub’yektlari, shu jumladan, xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun 10 yil etib belgilanadi.

Davlat mulki obektlari ijaraga berish uchun auksionga chiqarilganda, ijaraga berish muddati 3 yil etib belgilanadi.

Ko‘chmas mulk 1 yildan kam bo‘lmagan muddatga ijaraga berilganda, ijara shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart.

Avtomototransportlar savdo platformasi vositasida onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda, ijara shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi.

Ijaraga berilayotgan mulklarni hisobga olish va ma’lumotlar bazasini yuritish ijaraga beruvchi tomonidan online-ijara.uz axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.