«Pryamaya liniya» vaqtida Vladimir Putin Rossiyaning Ukrainada jang qilayotgan qo‘shinlar guruhi soni va tarkibi bilan bog‘liq ayrim raqamlarni keltirdi. BBC ushbu raqamlar asosida Rossiya armiyasining holati haqida qanday xulosalar chiqarish mumkinligini aniqlashga harakat qildi.
Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi «maxsus harbiy amaliyot» hududida 617 ming nafar rossiyalik harbiy joylashgan. «To‘qnashuv chizig‘i uzunligi — ikki ming kilometrdan uzunroq, harbiy harakatlar hududida 617 ming kishi bo‘lib turibdi», — deya xabar bergan u.
Shundan 244 ming nafari — 2022 yil sentabrida boshlangan safarbarlikning birinchi to‘lqini vaqtida xizmatga chaqirilganlardir.
«Qarang, bizda qisman safarlik bo‘ldi va biz o‘shanda 300 ming kishini chaqirdik […] Hozir, menimcha, 244 ming kishi to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy harakatlar hududida bo‘lib turibdi», — degan Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yana 41 ming kishi «ma’lum yoshga yetgani, salomatligi va boshqa sabablar tufayli» xizmatdan bo‘shab ketgan.
2023 yil boshidan, safarbarlikning birinchi to‘lqini yakunlanganidan buyon Rossiya hukumati shartnoma asosida armiyada xizmatga jalb qilish kampaniyasini faollashtirdi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, bu orqali ayni vaqtga kelib 486 ming kishi bilan shartnoma tuzilgan, yil oxirigacha bu raqam qariyb yarim millionga yetadi.
Putin Rossiyada safarbarlikning navbatdagi to‘lqini bo‘lmasligiga ishontirgan. Kamida hozircha. «Bizga safarbarlikning nima keragi bor? Bugungi kunda bunga zarurat yo‘q», — degan u.
Bu raqamlar nimani anglatadi?
O‘tgan yilning noyabr oyi boshida Putin birinchi to‘lqinda safarbar etilgan rossiyaliklar sonini ochiqlagandi. «300 ming kishi safarbar qilingan… Bizda esa — 318 ming. Nega 318? Chunki ko‘ngillilar ham bor», — degandi u.
Agar bundan xizmatdan bo‘shatilgan 41 ming kishi, shuningdek Putin 14 dekabr kungi jonli muloqot vaqtida aytganidek ayni vaqtda hozirda harbiy harakatlar hududida bo‘lib turgan 244 ming kishi chiqarib tashlansa, 33 ming kishi qoladi.
Rossiya prezidenti bularning taqdiri bo‘yicha hech narsa demagan. Lekin bu yo‘qotishlar soni aynan shuncha degani ham emas — Putin «harbiy harakatlar zonasi» degan iborani ishlatgan, bu safarbar qilingan 33 ming kishidan ayrimlari ayni vaqtda shunchaki Rossiya hududida bo‘lishi ham mumkin.


















