Jahon | 14:40 / 16.12.2023
7180
3 daqiqa o‘qiladi

Ilhom Aliyev Ozarboyjon prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatildi

Ozarboyjonning amaldagi prezidenti fevral oyida o‘zi e’lon qilgan muddatidan oldin saylovlarda ishtirok etadi. Kuzatuvchilarning fikricha, Aliyev Qorabog‘ ustidan nazorat o‘rnatgach, o‘zining yuqori reytingidan foydalanmoqchi.

Foto: AP

«Yangi Ozarboyjon» partiyasi boshqaruvi mamlakatning amaldagi prezidenti Ilhom Aliyevni 2024 yil fevralida bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari prezidentlik sayloviga nomzod sifatida ko‘rsatdi. 15 dekabr, juma kuni hukmron partiya raisi o‘rinbosari Tohir Budagov partiya 20 yildan beri hukmronlik qilib kelayotgan Aliyevning nomzodini qo‘llab-quvvatlashini, chunki uning rahbarligida Ozarboyjon «muhim yutuqlar» va «tarixiy g‘alaba»ga erishganini aytdi.

Dekabr oyi boshida Aliyev mamlakatda 2024 yil 7 fevralda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini e’lon qilgan edi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, u Tog‘li Qorabog‘ mintaqasi Boku nazoratiga qaytganidan keyin o‘zining yuqori reytingidan foydalanishga harakat qilmoqda. Davlat ijtimoiy so‘rovlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolarning qariyb 75 foizi Aliyevning Armaniston bilan mojarodagi siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ozarboyjon prezidenti, qonunga ko‘ra, 7 yil muddatga saylanadi. Bu mamlakatda oxirgi marta prezidentlik saylovlari 2018 yil bahorida o‘tkazilgan bo‘lsa, keyingi saylovlar 2025 yilga belgilangan edi.

Armaniston bilan ziddiyat

Armaniston va Ozarboyjon Ozarboyjonning asosan etnik armanlar yashaydigan isyonchi mintaqasi bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘ uchun o‘nlab yillar davomida to‘qnash keldi. 2023 yil sentabr oyida Ozarboyjon armiyasi keng ko‘lamli tezkor operatsiya o‘tkazdi va Qorabog‘ni o‘z nazoratiga qaytardi. Qorabog‘ning 120 mingga yaqin aholisining deyarli barchasi mintaqani tark etib, Armanistonga chiqib ketdi.

Ilhom Aliyev Ozarboyjonni 2003 yildan beri boshqarib kelyapti, o‘shanda u otasi Haydar Aliyevning lavozimini egallagandi. 2009 yilda referendumda konstitutsiyaga davlat rahbariga bu lavozimni cheksiz egallashga ruxsat beruvchi o‘zgartirish kiritildi. 2016 yilda yana bir konstitutsiyaviy islohot amalga oshirildi, uning davomida prezidentlik muddati 7 yilga uzaytirildi. O‘sha yili Aliyev rafiqasi Mehribonni vitse-prezident etib tayinladi.

Mavzuga oid