O‘zbekiston | 09:44 / 18.12.2023
1832
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Markaziy Osiyo iqlim muloqoti platformasida adaptatsiya strategiyasini ishlab chiqyapti

Dehli shahrida o‘tkazilgan anjumanda O‘zbekiston tomonidan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida ilgari surilgan tashabbuslar taqdim qilindi.

Foto: Dunyo AA

Hindiston poytaxtida bo‘lib o‘tgan suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro simpoziumda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida ilgari surilgan tashabbuslar mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘zlab berildi.

"Dunyo" xabariga ko‘ra, mazkur an’anaviy tadbir Hindistonning Sarkaritel.com axborot portali tomonidan ushbu mamlakat vazirlik va idoralari, BMT tuzilmalari va turli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazib kelinadi.

Suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish, iqlim o‘zgarishiga qarshi birgalikda kurashish va boshqa dolzarb ekologik masalalar xalqaro anjuman ishtirokchilari diqqat markazida turadi.

Anjuman ishtirokchilari O‘zbekistonda ekologik muammolar yechimiga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar ko‘rilayotgani, ushbu masalalar mamlakatda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarda ham o‘z ifodasini topayotgani, davlat rahbari BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasidagi nutqida mazkur dolzarb mavzuga jahon hamjamiyati e’tiborini yana bir bor qaratgani haqidagi ma’lumotni katta qiziqish bilan kutib oldi.

Foto: Dunyo AA

Prezident Shavkat Mirziyoyev iqlim muammolari barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurgani, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyoda ayniqsa jiddiy sezilayotganini alohida ta’kidlagani urg‘ulandi.

Mintaqada havo haroratining oshayotgani, favqulodda issiq kunlar soni ortayotgani, muzliklar maydonining uchdan bir qismi yo‘qolgani, ichimlik suvi taqchilligi, havo ifloslanishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi, qishloq xo‘jaligi hosildorligi pasayishi kabi muammolar aholi turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.

Xalqaro tadbirda O‘zbekiston Markaziy Osiyo iqlim muloqoti platformasida adaptatsiya strategiyasini ishlab chiqayotgani, BMT rezolyutsiyasi asosida Orolbo‘yi hududini ekologik ofat zonasidan innovatsiyalar, texnologiyalar va yangi imkoniyatlar mintaqasiga aylantirayotgani yuqori baholandi.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid