O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirish marosimida nutqi so‘zladi. Prezident matbuot xizmati nutq matnini e’lon qildi.

Bugun azim Toshkent shahrida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida sizlarni ko‘rib turganimdan behad xursandman.

Yangi O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz, aziz mehmonlar!

Avvalambor, ushbu tantanali tadbirni yurtimizda o‘tkazish bo‘yicha takliflari va yaqindan ko‘rsatgan ko‘maklari uchun mazkur nufuzli mukofot asoschisi, qadrli birodarim Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy A’lo Hazratlariga hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasiga chuqur minnatdorchilik izhor etaman.

Fursatdan foydalanib, anjumanda ishtirok etayotgan qatarlik do‘stlarimizni va ular siymosida ushbu mamlakat xalqini kecha keng nishonlangan Mustaqillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

Ta’kidlash o‘rinliki, Amir A’lo Hazratlarining oqilona rahbarligi ostida so‘nggi yillarda Qatar Davlati yangilanish ruhi bilan yashamoqda, mamlakatda katta o‘zgarishlar amalga oshirilayapti, olamshumul va buyuk yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. Bunga betakror Dohaga tashrifim chog‘ida o‘zim shaxsan amin bo‘ldim.

Yuksak saviyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionati, Kam rivojlangan davlatlar bo‘yicha xalqaro konferensiya va “Ekspo Doha– 2023” butunjahon ko‘rgazmasi, ko‘plab xalqaro tashabbuslar Qatarning global hamkorlik va diplomatiya markaziga aylanib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Shu o‘rinda, davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar bizning faol muloqotlarimiz natijasida mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman. Biz birgalikda katta loyihalarni boshladik. Bugungi tadbir aynan yurtimizda o‘tkazilayotgani esa maqsadlarimiz uyg‘un va hamohang ekanining yorqin ramziy ifodasidir.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Albatta, shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyodagi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida global mukofotning ta’sis etilgani va uni topshirishga bag‘ishlangan marosimlar barcha qit’alarda o‘tkazib kelinayotgani yuksak e’tirofga sazovordir.

Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish har bir sof vijdonli insonning, demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchidir.