Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu prezident Vladimir Putinga Ukrainada ketayotgan «maxsus harbiy operatsiya» bo‘yicha hisobot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari qarshi hujum vaqtida hech narsaga erisha olmadi va katta yo‘qotishlarga duch keldi.
«Chet ellik kuratorlar tomonidan tayyorlangan qarshi hujum paytida Ukraina Qurolli kuchlari hech narsaga erisha olmadi va katta yo‘qotishlarga duch keldi. Urush boshlanganidan beri Ukraina 383 ming harbiy xizmatchini (halok bo‘lganlar va yaralanganlar) yo‘qotdi. Biz Polshadan 1427 nafar, Amerikadan 466 nafar, Buyuk Britaniyadan 344 nafar yollanma askarni o‘ldirdik», dedi Shoygu.
Shuningdek, vazir armiyani qayta qurollantirish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar olib borilganini ma’lum qildi.
«Biz armiyani qayta qurollantirish bo‘yicha misli ko‘rilmagan qadamlar tashladik. Harbiy-sanoat majmuasining quvvatini 4 barobarga, tanklar ishlab chiqarishni 5,6 barobarga, uchuvchisiz samolyotlar ishlab chiqarishni 16,8 barobarga, artilleriya o‘q-dorilarini 17,5 barobarga oshirdik. Qo‘shinlar hamma narsa bilan ta’minlangan. Ilgari qurollarni ishlab chiqish uchun 5-8 yil kerak bo‘lgan bo‘lsa, hozir 4-7 oy davom etadi. «Ulug‘ Vatan urushi»dan beri bunday bo‘lmagan», dedi Shoygu.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya harbiy texnologiyalari NATO mamlakatlaridagi texnologiyalardan ustunligini ko‘rsatdi.
«Rossiya texnologiyalari NATO mamlakatlaridagi texnologiyalardan ustunligini ko‘rsatdi. Yaradorlarning omon qolish darajasi sezilarli darajada yaxshilandi, ularning 98 foizi tuzalib ketdi. Rossiya harbiylari jasorat ko‘rsatmoqda: 320 ming kishi mukofot oldi, 272 nafari Rossiya Qahramoni unvonini oldi. «Maxsus harbiy amaliyot» armiya va xalqni birlashtirdi. Har kuni bir yarim ming kishi shartnoma tuzmoqda. Haqiqat tarafida bo‘lishni istovchi xorijlik ko‘ngillilar soni yetti barobar oshdi», dedi Shoygu.
Vazir 2024 yilda amalga oshirish rejalashtirilgan tadbirlarni ham sanab o‘tgan.
«Maxsus harbiy amaliyot» Rossiya har qanday zamonaviy dushmanning harakatlariga javob berishga qodirligini ko‘rsatdi. Rossiya armiyasi dunyodagi eng yaxshi o‘rgatilgan va eng yaxshi jangovar tayyorgarlikka ega armiya. U jangda isbotlangan eng ilg‘or qurollarga ega. Tez orada qurolli kuchlar soni bir yarim millionga yetkaziladi.
2024 yilga mo‘ljallangan vazifalarimiz: maqsadlarga to‘liq erishilgunga qadar «Maxsus harbiy amaliyot»ni davom ettirish, Suriya va Qorabog‘da tinchlik saqlanishini ta’minlash, «Sarmat»ni harbiy navbatchilikka joylashtirishni yakunlash, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar sonini 745 ming kishiga yetkazish. Armiyani izchil rivojlantirish va uning salohiyatini oshirish yo‘li davom etadi», dedi Shoygu.


















