Ukraina quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni: mamlakat sharqida vaziyat og‘ir
Rossiya qo‘shinlari bir necha yo‘nalishda oldinga siljimoqda. Ukraina quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni ta’kidlaganidek, ukrainaliklar «dushmanning qurol-yarog‘i va shaxsiy tarkibi soni bo‘yicha ustunligi sharoitida jang qilishga majbur».
Rossiya qo‘shinlari Donetsk va Xarkiv viloyatlaridagi yangi aholi punktlarini qo‘lga kiritish uchun Kupyansk, Liman va Baxmut yo‘nalishlarida oldinga siljimoqda. Bu haqda 19 dekabr, seshanba kuni Ukraina Qurolli kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni general-polkovnik Aleksandr Sirskiy o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dushmanning maqsadi aniq - «bu Chasov Yar aholi punktiga, keyin Konstantinovka, Drujkovka, Slavyansk, Kramatorskka hujum va Donetsk viloyati chegaralariga chiqish». «Hujum operatsiyalarini o‘tkazish uchun ular havo-desant qo‘shinlarining eng jangovar bo‘linmalari, dengiz piyoda askarlari va sobiq jinoyatchilardan tuzilgan «Shtorm Z» hamda «Shtorm V» bo‘linmalaridan foydalanyapti», deb ta’kidlaydi ukrainalik general.
Rossiya qo‘shinlari Makiyivka (Luhansk viloyati, Liman yo‘nalishi) va Kupyansk yaqinidagi Sinkovka (Xarkiv viloyati) yo‘nalishida ham hujum qilmoqda. Umuman olganda, Aleksandr Sirskiy frontning sharqiy sektoridagi vaziyatni «og‘ir» deb ta’rifladi. «Biz dushman ham qurol-yarog‘, ham shaxsiy tarkib soni bo‘yicha ustun bo‘lgan sharoitda jang qilishimiz kerak», dedi qo‘mondon va Rossiya qo‘shinlari katta yo‘qotishlarga uchrayotganini ta’kidladi.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining 19 dekabrdagi ertalabki hisobotida sutka davomida yuz bergan 105 ta to‘qnashuv haqida so‘z boradi. Shu bilan birga, uning ma’lumotlariga ko‘ra, bir kun ichida Rossiya qo‘shinlari 1140 kishini yo‘qotgan. Umuman olganda, urush boshlanganidan beri Rossiya armiyasining Ukrainadagi yo‘qotishlari 348 ming harbiy xizmatchidan oshgani aytiladi.
Mavzuga oid
18:09
Polsha Bosh shtabi boshlig‘i Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi
16:07
Greenpeace: NATO harbiy jihatdan Rossiyadan sezilarli darajada ustundir
14:56
Makron va Starmer Tramp g‘alabasidan keyin ham Ukrainani qo‘llashda «sobit» bo‘lishga va’da berishdi
14:14