BMT O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan rezolyutsiyani qabul qildi
BMT Bosh assambleyasi O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyoning ekologik tahdidlari to‘g‘risidagi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi.
BMT Bosh assambleyasi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qildi.
«Dunyo» xabariga ko‘ra, rezolyutsiya matnini ishlab chiqish va kelishish bo‘yicha hukumatlararo muzokaralar jarayoni BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida bo‘lib o‘tdi. Maslahatlashuvlarda dunyoning barcha qit’alaridan, jumladan AQSh, Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Avstraliya, Saudiya Arabistoni, Misr, Argentina, Braziliya, Meksika kabi yuzdan ortiq davlatlarning ekspertlari faol ishtirok etdi. Ular, shuningdek, matnni o‘ziga xos mazmun bilan to‘ldirish va umumiy konsensusga erishish uchun ko‘plab takliflarni kiritdi.
Hujjat matnida O‘zbekiston prezidentining qator tashabbuslari, jumladan, «Markaziy Osiyo uchun «yashil» kun tartibi» va uning mintaqada barqaror rivojlanishga ko‘maklashishdagi roli alohida qayd etilgan. Rezolyutsiyada BMTga a’zo davlatlar O‘zbekistonning Xalqaro iqlim forumini 2024 yilda Samarqand shahrida o‘tkazish tashabbusini ham olqishladi.
Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish borasidagi sa’y-harakatlarga e’tibor qaratilib, O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi faoliyatini kuchaytirish zaruriyati alohida ta’kidlangan. Shu bois, xalqaro hamjamiyatga ushbu jamg‘armani faol qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish to‘g‘risida murojaat yo‘llangan.
Hujjatda cho‘llanish va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashda innovatsion usullar va yangi texnologiyalarni joriy etish muhimligi qayd etilgan.
Rezolyutsiyada Markaziy Osiyoda iqlim va ekologik tahdidlarga samarali qarshi kurashish maqsadida barqaror qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya samaradorligi, chiqindilarni qayta ishlash, barqaror turizmni rivojlantirish, «aqlli shaharlar» va barqaror transportni yaratish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.
Bosh assambleya, shuningdek, BMT tizimi, xalqaro va moliyaviy institutlar, xususiy sektor, investorlar va donorlarga Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarni hal qilish uchun resurslarni safarbar etish, salohiyatni oshirish va yordam ko‘rsatishni davom ettirishni tavsiya qildi.
Rezolyutsiyada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi tashabbuslari ham bayon etilgan.
Hujjat barcha Markaziy Osiyo davlatlari nomidan taqdim etildi.
Rezolyutsiya hammualliflari qatoriga Germaniya, Shveytsariya, Turkiya, Xitoy, Singapur, Vengriya, Vetnam, Ozarboyjon, Armaniston, Malayziya, Indoneziya, Misr, Iordaniya, Paragvay (BMTning barcha mintaqaviy guruhlari vakillarini qamrab olgan) kabi davlatlar ham kirdi.
Mavzuga oid
07:50
BMT RFning Dniproga ballistik raketa zarbasidan xavotirda
15:22 / 21.11.2024
Bokudagi COP29: iqlim o‘zgarishiga moslashish xarajatlarini kim to‘laydi?
00:36 / 19.11.2024
Rossiya BMTning Sudanda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi
16:16 / 16.11.2024