Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 20 dekabr kuni tarmoq va hududlarda axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Zamon talabidan kelib chiqib, mamlakatimizda telekommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning o‘zida ta’lim, bank, moliya, bojxona, qishloq xo‘jaligi, geologiya, kadastr kabi sohalarni raqamli transformatsiya qilish doirasida 100 ta dasturiy loyiha ishlab chiqilgan. 500 dan ziyod yangi IT kompaniyalari tashkil etilib, sohaga 475 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib kelgan.

Yil yakuni bilan sohada xizmatlar hajmi 10 trillion so‘m bo‘lishi, eksporti esa 300 million dollardan oshishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich Toshkent, Samarqand, Andijon viloyatlarida yuqori sur’atlarda o‘sdi. Surxondaryo ham ilk bor IT xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yib, 1 million dollardan oshirdi. Hududlarda 20 mingdan ortiq yoshlar mustaqil shug‘ullanib, xalqaro onlayn platformalar orqali yaratgan mahsulotini chetga sotgan.

Yig‘ilishda soha rivojiga qo‘shimcha sharoitlar yaratilishi belgilandi. Unga ko‘ra:

  • IT kompaniyalari hududlardagi bo‘sh turgan binolarga bir yil muddatga bepul joylashtiriladi;
  • iqtidorli dasturchilarga bir yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan kompyuter va texnikalar beriladi;
  • 50 dan ortiq IT mutaxassisni ishli qilgan kompaniyalarning bir yil davomidagi ish haqi xarajatining 15 foizgacha qismi qoplab beriladi;
  • eksportchi korxonalarga chetdan ekspert jalb qilish, xalqaro konferensiyalarda qatnashish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.

Shuningdek, IT-parkni xalqaro miqyosga olib chiqish uchun Germaniya va Saudiya Arabistonida uning sho‘’ba korxonalari ochiladi.

Umuman, shunday yangi imkoniyatlar hisobiga, 2024 yilda IT xizmatlari hajmini 2 barobar oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bunga erishish uchun, avvalo, chet tili va texnologiyalarni biladigan kadrlar zarur. Shu bois Raqamli texnologiyalar vazirligiga kelgusi yilda 8 ming nafar eng iqtidorli yoshlarni saralab, nufuzli xalqaro kompaniyalar talabiga mos dastur asosida o‘qitish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, kelgusi yildan «Har bir mahallada kamida ikki nafar dasturchi» loyihasi boshlanishi, amerikalik hamkorlar bilan «Inklyuziv raqamlashtirish» loyihasi doirasida 20 ming aholi bandligi ta’minlanishi aytildi.