Hukumatga yaqin ayrim siyosatchilar bunday reja yo‘qligini aytishmoqda, ammo BBC Ukraina xizmatining Bosh shtabdagi manbasi bunday hujjat mavjudligi, ammo frontdagi vaziyatdan kelib chiqqan holda unga doimiy ravishda o‘zgartirish kiritilayotganini qayd etishgan.

Noyabr oyi oxirida «Sluga naroda» partiyasining Oliy Radadagi fraksiyasi rahbari, milliy xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha qo‘mita a’zosi David Araxamiya go‘yoki Bosh shtabda keyingi yil uchun «urush rejasi» yo‘qligini aytgandi.

«Darvoqe, biz qo‘mitada uni anchadan buyon kutyapmiz… Bunday reja hech kimda yo‘q», — degan u teleboshlovchi Natalya Moseychukka bergan intervyusida.

«Reja» yo‘qligi haqidagi tezisni Araxamiyaning qo‘mitadoshi va fraksiyadoshi Maryana Bezuglaya ilib oldi. Deputat so‘nggi oylarda faollik bilan bosh qo‘mondon Valeriy Zalujniyni tanqid qilmoqda va uni almashtirishga chaqirmoqda.

Uning talqiniga ko‘ra, bu hujjat «o‘ylangan ishlar rejasi» deyiladi va uni go‘yoki Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy ishlab chiqishi hamda taqdim etishi lozim.

«Ha, Ukraina QK bosh qo‘mondoni 2024 yilga o‘ylangan ishlar rejasini taqdim eta olmadi. Na katta, na kichik, na assimetrik va na simmetrik [hech qanday reja yo‘q], — deya yozdi deputat ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida, — Harbiylar shunchaki oyiga kamida 20 ming kishini yig‘ish kerakligini aytshimoqda. Bu muammo yozda ham, shtab yig‘ilishida ham va parlamentda 2024 yil uchun budjetni rejalashtirishda ham kuchayib bordi».

Bezuglaya harbiy rahbariyatni o‘z lavozimlarini tark etishga chaqirgan.

«Sluga naroda» fraksiyasi deputati Maryana Bezuglaya bosh qo‘mondon Zalujniyni 2024 yil uchun «urush rejasi yo‘qligi»da ayblab tanqid qilgandi. Prezident Zelenskiy ofisi uning bayonotlari shaxsiy pozitsiyasi ekanini bildirgan

Prezident ofisidagilar deputatlarda harbiy rahbariyat almashtirilishi tashabbusi bilan chiqish vakolati yo‘qligini bildirishgan. Bunday vakolat faqat oliy bosh qo‘mondon Volodimir Zelenskiyda mavjud.

«Deputatlar u yoki bu harbiyning iste’fosi tashabbusi bilan chiqa olmaydi… Albatta, Bezuglaya xonim Milliy mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasida tegishli lavozimni egallagan va tegishli bayonotlar bilan chiqadi. Ammo yana bir bor qayd etaman — bu prezident ofisining yoki shaxsan prezidentning rasmiy bayonoti hisoblanmaydi va shuning uchun rasmiy bayonotni kutish kerak», — degan prezident ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak «Radio NV» efirida.