Ukrainada urushning 668-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Jo Bayden AQShning 2024 yil uchun mudofaa budjetini tasdiqladi. Unda Ukrainaga yordam uchun mablag‘ ajratilishi ham ko‘zda tutilgan.
- The New York Times gazetasi Rossiya qo‘shini Ukraina frontining katta qismida tashabbusni qo‘lga olgani haqida xabar berdi.
- Ukraina qurolli kuchlari harbiylari The Washington Post bilan suhbatda g‘arb yordami qisqargani tufayli oldingi chiziqda o‘q-dorilar tanqisligi yuzaga kelgani haqida xabar berishgan.
- Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki F-16 qiruvchi samolyotlari Ukrainaga 2023 yil oxiriga qadar yetkazib berilishi mumkin.
- Ukraina prezidenti ofisi xorijda yashovchi ukrainaliklarni safarbar qilish g‘oyasiga qarshi emas. Oliy Radadagilar tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgan. Estoniya hukumati esa harbiy chaqiruv yoshidagi ukrainlarni Kiyevga qaytarmoqchi.
- The New York Times gazetasi Putin diplomatik kanallar orqali Ukrainada urushni to‘xtatishga tayyorligi to‘g‘risida signallar yuborayotganini yozib chiqdi.
- The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, Yevgeniy Prigojinga suiqasd bo‘yicha topshiriq RF xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev tomonidan berilgan. Putin bunga qarshi bo‘lmagan.
- AQSh moliya vazirligi Rossiya qisqichbaqalari, losos, treska va mintay baliqlari olib kirilishini taqiqladi.
Yakson etilgan texnikalar va okoplardagi jasadlar. Rossiya qo‘shinlarining Avdiyivkaga hujumi qanday kechmoqda
2023 yil oktyabr oyi boshida RF armiyasi Avdiyivka yo‘nalishida keng ko‘lamli hujum boshlagandi — bu anneksiya qilingan Donetskdan 15 kilometr masofada joylashgan shahardir. Ukraina tomoni va AQSh razvedkasi baholariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini bu yerda halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar qo‘shib hisoblanganda 10 ming atrofida odamidan ayrilgan, shuningdek yuzlab harbiy texnikalarini yo‘qotgan.
Ukrainalik fotograf Konstantin Liberov Avdiyivka atrofidagi okoplar, dalalar va yo‘llarning 23 dekabrdagi tasvirlarini e’lon qildi — bu joylar rossiyalik askarlar jasadlari va zarbaga uchragan zirhli mashinalar qoldiqlari bilan to‘lgan. «Avdiyivka va uning atrofida bo‘layotgan ishlar — jahannamning o‘zginasi, — deya yozgan Liberov instagram storisida. — <…> Bularga qarab baqirging keladi: Bizning yerlarimizda nimangizni yo‘qotgansiz? Nima uchun shunchaki ketmaysiz, bularning bari nima uchun kerak?»

































