O‘zbekiston musulmon dunyosini o‘ziga jalb qila oladi. Yurtimiz –

  • Islom madaniyati o‘chog‘i;
  • mashhur allomalar vatani;
  • ming yillik o‘tmish bilan bog‘langan tarixiy maftunkor binolari bor;
  • lazzatli taomlari bilan mashhur;
  • Ipak yo‘lining markazida joylashgan Sharq gavhari.

Mamlakatimizga musulmon sayyohlar oqimi yildan yilga ortib bormoqda. Ammo sayyohlarda O‘zbekiston haqida yanada yaxshiroq taassurot qolishi uchun shart-sharoitlar yanada yaxshilanishi kerak.

Musulmonlar uchun do‘stona turizm – turizm sanoatining ixtisoslashgan shakli. U Islom tamoyillariga muvofiq ravishda musulmon sayohatchilarni qabul qilishga qaratilgan. Bunda yo‘nalishlar, turar joylar, ko‘rsatiladigan xizmatlar va obektlar (maskanlar) musulmon tashrif buyuruvchilar uchun qulay, Islom dini talablarga mos bo‘ladi.

Ammo bu nafaqat musulmondar uchun – barcha uchun inklyuziv va mehmondo‘st muhit yaratish vazifasidir.

Ma’lumot uchun: Musulmonlarning global sayohat indeksi (GMTI) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab musulmon sayohatchilarning umumiy soni 2023 yilda 140 millionga yetib, pandemiyadan oldingi darajaga yaqinlashgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2028 yilga borib 230 millionga yetishi kutilmoqda, bunga sarflanadigan mablag‘ esa 225 milliard dollar atrofida bo‘lishi mumkin.

2022 yil musulmon sayyohatchilar uchun eng qulay mamlakatlar reytingida kuchli yigirmatalikda Malayziya yetakchi, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Indoneziya 2-o‘rinni egallagan, O‘zbekiston reytingda sezilarli yaxshilanib, 7 pog‘ona yuqorilab, 9-o‘rinni egallagan.

Dunyo bo‘ylab muvaffaqiyatli MDT tashabbuslari

Malayziya – yetakchi davlat

Foto: Hari Anggara

Malayziya musulmonlar uchun do‘stona turizmi bilan mashhur. Mamlakat “halol” sertifikatiga ega muassasalarga, ko‘plab masjidlarga, boy Islom merosiga ega. Kuala-Lumpur xalqaro aeroporti namoz o‘qish joylari va tahorat olish uchun shinam imkoniyatlarga ega, bu kabi shart-sharoitlar barcha yirik savdo markazlari, anjuman saroylari, diqqatga sazovor joylarda mavjud.