Samarqandda kuzatilgan holat bunga yorqin misol. Davlat muassasalarida ishlab kelgan ayol hamkasb tanishining qaynotasi nomiga olinadigan kreditga birgalikdagi qarz oluvchi bo‘lib ariza topshirgan. Bugunga kelib ayol nainki dugonasidan ayrildi, balki bir necha oydan beri boshqalar uchun ishlab beryapti. Plastik kartasiga tushayotgan oylikning yarmini bank, yarmini majburiy ijro byurosi yechib olyapti.
Ozoda Samadova dugonasining iltimosiga ko‘ra uning qaynotasi kredit olishiga ko‘maklashar ekan, hech qanday manfaatdorlik ko‘zlamaganini aytmoqda. Aslida ham bunday holatlarni bugun istagancha kuzatishimiz mumkin. Tanish yoki qarindoshimizning yuzi issiqlik qilib kafil bo‘lyapmiz va banklar ertaga holi-jonimizga qo‘ymayapti. Aniqrog‘i, yemagan somsaga pul to‘lashga majbur bo‘lyapmiz.

Bugunga kelib Samadovadan dugonasi voz kechib ketgan, birga ishlamayapti ham. Asosiy qarzdor Erkin Bo‘riyev esa men seni tanimayman, deyapti. Shu sababli ATB “Kapitalbank”dan “Malibu 2” uchun olingan 224 mln so‘m qarz sud qarori bilan Samadovaning oyligiga ham qaratilgan.
Ayni vaqtda ushbu kredit evaziga garov va taqiqda turgan avtomashina yo‘qotilgan. Qayerdaligi noma’lum.
Vaziyat bo‘yicha, “Kapitalbank” aksiyadorlik tijorat banki Samarqand viloyat filiali mas’ullaridan izoh oldik.

Bank ushbu vaziyatda qo‘li bog‘lanib qolgani, rasmiylashtirilgan hujjatlarga ko‘ra, Samadova ham birgalikdagi qarzdor bo‘lgani uchun qarz uning oyligiga qaratilganini aytmoqda. Bo‘riyev hozirda ishsiz, nomida ham undirish mumkin bo‘lgan biror mulk yo‘q. Asosiy qarzdor bo‘lmish Bo‘riyevning qo‘y-qo‘zilariga ishongan bank bugun amalda hech narsa qilolmaydi, muammoli kreditni bittaga ko‘paytirib olganidan taassufda.
Majburiy ijro byurosiga ko‘ra, ayni vaqtda “Malibu 2”ning qarzini faqat Samadova to‘lab kelyapti. Asosiy qarzdor Bo‘riyevda mulk ham, ish haqi ham yo‘q. Garovga qo‘yilgan, hozirda ta’qiqda bo‘lgan “Malibu”ni esa topib bo‘lmayapti.
Majburiy ijro byurosiga ko‘ra, Bo‘riyev nomidan oxirgi marta 2023 yil iyun oyida to‘lov qilingan. Shundan buyon uning nomiga ish haqi yozilmagan va faqat Samadovaning oyligidan ushlab qolinyapti.





















