Allergik bemorlarga bepul dori

Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan allergik va immunologik kasalliklarni erta aniqlash hamda ularning oldini olish maqsadida allergik va immunologik kasalliklarga chalingan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»da bo‘lgan bemorlarni ingalyatsion glyukokortikosteroid dori vositalari bilan bepul ta’minlash tizimi joriy etiladi.

Qaror bilan Sog‘liqni saqlash vazirligiga 2024 yildan boshlab allergik kasalliklar (shu jumladan mavsumiy allergiya) ko‘rsatkichlari yuqori hududlarda yiliga kamida bir marta ommaviy va selektiv skrining tekshiruvlarini o‘tkazish, aniqlangan allergik va ikkilamchi immunitet tanqisligi kasalliklari mavjud bemorlarning allergologlar tomonidan tizimli kuzatuvi va individual sog‘lomlashtirish ishlarini tashkillashtirish, hududlarda allergologiya va klinik immunologiya yo‘nalishida yuqori texnologik tashxislash va davolash amaliyotlari turlarini bosqichma-bosqich 10 turdan 20 turgacha oshirish choralarini ko‘rish topshirilgan.

Shuningdek, mazkur hujjatda 2024 yil 1 yanvardan Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazini 140 o‘rin fondidan iborat bo‘lgan Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi etib qayta tashkil qilish nazarda tutilgan.

Pensiyaga chiqishda qulaylik

Prezidentning 2023 yil 31 oktyabrdagi «Aholiga pensiya tayinlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan 2024 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash uchun amaldagi tartibga qo‘shimcha ravishda ularning xohishiga ko‘ra Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham murojaat qilish huquqi berilmoqda.

Fuqarolarga davlat pensiyalari tayinlanganidan so‘ng ularning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘larini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki AT «Xalq banki»ning mobil ilovasi orqali olish imkoniyati yaratiladi. Bunda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘larni olish huquqini beruvchi sertifikat berish tartibi bekor qilinadi.