Jahon | 09:22 / 25.12.2023
4612
4 daqiqa o‘qiladi

Moldova prezidenti ikkinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘yish qarorini e’lon qildi

Moldova prezidenti Mayya Sandu ikkinchi prezidentlik muddatiga o‘z nomzodini qo‘yadi va mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha referendum o‘tkazish tashabbusi bilan chiqmoqchi. Raqibi Dodon uning qarorlarini qoraladi.

Foto: Elena Covalenco

Moldovaning yevropaparast prezidenti Mayya Sandu 2024 yil oxirida ikkinchi prezidentlik muddatiga o‘z nomzodini qo‘yish niyatida ekanini aytdi va parlamentni mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istagi bo‘yicha referendumga tayyorgarlikni boshlashga chaqirdi. «Bizda hali muhim qadamlar bor va agar menga yangi muddatni ishonib topshirsangiz, ishlashni davom ettirishga va’da beraman», dedi Sandu 24 dekabr, yakshanba kuni respublika rahbarining rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda.

Sandu Harakat va birdamlik partiyasidagi (PAS) ittifoqchilari tomonidan nazorat qilinadigan parlamentdan Moldovaning Yevropaga yo‘nalishi bo‘yicha referendum o‘tkazish bo‘yicha ish boshlashni so‘radi. «Bizning kelajagimiz Yevropa oilasida va butun mamlakat sifatida Moldova uchun qaysi yo‘lni tanlashimizni aniq aytishimiz kerak. Men parlamentni kelasi yil kuzida fuqarolarning ovozi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan referendum o‘tkazishga chaqiraman». - dedi Moldova prezidenti.

2020 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Sandu bir necha bor Ukraina urushini qoralagan va Moskvani o‘zini hokimiyatdan chetlatish uchun davlat to‘ntarishiga urinishda ayblagan. O‘z navbatida, Kishinyovdagi Rossiya elchixonasi Moldova hukumati «rusofobiyani qo‘zg‘atayotganini» da’vo qildi. 

Uch yil oldin yutqazgan Dodon Sanduning rejalarini qoraladi 

Moldova sobiq prezidenti, sotsialist Igor Dodon Sanduning qayta saylanish niyatini ham, referendum o‘tkazishga chaqirig‘ini ham qoraladi. «Mayya Sanduning 3 yillik ishidan so‘ng o‘zini siyosiy cho‘kishdan «qutqarish» uchun referendumdan boshqa taklif qiladigan hech narsasi yo‘q. U Yevropa bilan aloqador bo‘lishga umid qilmoqda va bu unga yangi mandat olib keladi», deb yozdi u Facebook’da. Dodonning ta’kidlashicha, Sandu «siyosiy cho‘qqini bosib o‘tdi» va «butun xalqning hafsalasini pir qildi». 

Shuningdek, Dodon ayni damda prezidentlikka nomzodini qo‘yish haqida o‘ylamayotganini aytdi. «Men mamlakat prezidenti bo‘lganman va har qanday holatda ham yana davlat rahbari bo‘lish uchun nosog‘lom ambitsiyalarim yo‘q», deb yozgan u hamda «boshqa muxolif partiyalar bilan birgalikda mamlakatni va fuqarolarni Mayya Sandudan qutqarish uchun eng yaxshi nomzodni» topish niyatida ekanini ta’kidladi.

Saylovlar kelasi yil oxirida bo‘lib o‘tadi 

Moldovada prezidentlik saylovlari 2024 yilning noyabr-dekabr oylarida bo‘lib o‘tishi kerak, ularning aniq sanasini parlament belgilaydi. Joriy so‘rovlar PAS 30-45 foiz ovoz olishini ko‘rsatmoqda, Dodon sotsialistlari uchun bu ko‘rsatkich - 28-38 foiz, shu yil boshida firibgarlikda ayblanib 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan qochoq biznes-magnat Ilan Shorning «Imkon» partiyasi uchun esa - 8-15 foiz.

Dekabr oyi boshida bo‘lib o‘tgan YeI sammitida Moldova va Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirishi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qilingan edi. 

O‘tgan hafta Moldova parlamentidagi tashqi siyosat va Yevropa integratsiyasi bo‘yicha komissiya raisi Doyna German Moldova 2024 yil oxirigacha Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)dan chiqish jarayonini yakunlashini, ushbu tashkilot doirasida tuzilgan qolgan barcha kelishuvlarni izchillik bilan denonsatsiya qilishini aytdi.

Mavzuga oid