AQShning Kolorado shtati Oliy sudi Donald Trampni kelasi yilgi prezidentlik saylovlariga qo‘ymaslik bo‘yicha hukm chiqardi. AQSh konstitutsiyasining «isyon va qo‘zg‘olonda qatnashgan shaxslar davlat lavozimini egallamasligi» to‘g‘risidagi tuzatishi hukm uchun asos qilib olingan.
2021 yil 6 yanvar kuni Tramp tarafdorlari Vashingtondagi Kapitoliy va Kongress binosiga bostirib kirib, Bayden g‘olib bo‘lgan saylov natijalaridan norozi ekanini bildirgandi. Sud sobiq prezident Trampning bu isyonda ehtimoliy aloqasini hisobga olib, unga saylovda ishtirok etishni taqiqladi.
Shu tariqa, Tramp AQSh konstitutsiyasi 14-tuzatishiga ko‘ra saylovda ishtirok etishi noqonuniy deb topilgan mamlakat tarixidagi ilk nomzodga aylandi. Bungacha ham boshqa sudlar bir necha marta sobiq prezidentni saylov byulletenlaridan nomini o‘chirishga harakat qilgan, lekin bu urinishlar muvaffaqiyatsiz chiqqandi.
Kolorado sudi hukmi AQSh Oliy sudi tegishli apellyatsiya arizasini ko‘rib chiqishga ulgurishi uchun 2024 yil 4 yanvardan kuchga kiradi.
Sudyalar ikkiga bo‘lindi
Kolorado shtati Oliy sudining 7 nafar sudyasi Trampga qarshi ishda ikkiga bo‘lindi deyish mumkin. Oxir-oqibat ovozlar 4:3 ko‘rinish olib, Trampga «AQSh hukumatiga qarshi zo‘ravonlikka aloqadorligi uchun» 2024 yilgi saylov byulletenlarida nomi ko‘rsatilishi taqiqlandi.
Bu hukm Kolorado shtat sudining avvalgi qarorini bekor qiladi. Oldingi hukmda 14-tuzatish chindan isyonda qatnashganlarga davlat lavozimini egallashni taqiqlashi, ammo bu tuzatishni amaldagi prezidentlarga nisbatan ishlatib bo‘lmasligi aytilgandi. Chindan o‘sha vaqtda Tramp mamlakat prezidenti hisoblanar, 14-tuzatishda esa cheklov prezidentlarga ham amal qilinishi aniq keltirilmagan. Avvalgi sud hukmida «Tramp o‘z tarafdorlarini zo‘ravonlikka chorlagani», lekin u prezident sifatida «AQSh mas’ul mulozimi» bo‘lmagani, bu esa uni yuqoridagi tuzatishga ko‘ra diskvalifikatsiya qilish imkonini bermasligi aytilgan.
Trampning advokatlari Kapitoliydagi tartibsizliklar isyon deb qabul qilinadigan darajada jiddiy bo‘lmaganini aytadi. Ularning fikricha, o‘sha kuni Trampning Vashingtondagi tarafdorlari oldida qilgan chiqishi uning so‘z erkinligi to‘g‘risidagi qonunda mustahkamlangan huquqlaridan foydalanishdir. Ammo Kolodaro sudining aksar vakillari bunday fikrda emas. Ularning aytishicha, aynan Trampning tarafdorlari oldida qilgan chiqishi ularni tartibsizlikka undagan.
Sobiq prezidentning advokatlari sudyalar unga saylovda ishtrok etishni taqiqlay olmasligini aytgan. Hukmga qarshi chiqqan uch sudyadan biri bo‘lgan Karlos Samur ham shunday fikrda. Unga ko‘ra, hukumat hech bir fuqaroni ma’lum qonuniy tartibsiz davlat lavozimini egallash huquqidan mahrum qilolmaydi.









