Jahon | 12:40 / 26.12.2023
6290
3 daqiqa o‘qiladi

Meksikada minglab muhojirlar AQSh chegarasi marsh uyushtirdi

24 mamlakatdan kelgan muhojirlar Meksikada tranzit ruxsatnomalarini berish qoidalarining kuchaytirilishiga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazdi.

Foto: Edgar H. Clemente/AP Photo/picture alliance

Tashkillashtirilgan odamlar kolonnasi Meksika janubidan AQSh chegarasiga harakatlana boshladi. Tashkilotchilar «Qashshoqlikdan chiqish» deb nomlangan marshda AQShga yo‘l olgan minglab muhojirlar Meksikada tranzitda bo‘lib turibdi, deb xabar berdi AFP 25 dekabr, dushanba kuni.

Marsh tashkilotchilarining so‘zlariga ko‘ra, kolonnada 24 davlat, jumladan Afrika va Osiyo mamlakatlari vakillari ham bor. Reuters agentligi Meksikaning mintaqaviy rasmiylariga tayanib, yurishda 8 mingdan ortiq kishi qatnashayotganini yozmoqda. Ular Tapachula shahridan AQSh chegarasiga yetib borish niyatida. Marsh ishtirokchilarining bundan keyingi niyati haqida ma’lumot yo‘q.

Aksiya tashkilotchilarining so‘zlariga ko‘ra, «Qashshoqlikdan chiqish» Meksika rasmiylari tomonidan immigratsiya qonunlarini kuchaytirishga qarshi norozilikdir. Faollarga ko‘ra, bir muddat avval ular xorijliklarga mamlakat orqali tranzit o‘tish uchun ruxsatnoma berishni to‘xtatgan.

AQSh Meksikadan muhojirlar tranzitini cheklashni talab qilmoqda

Meksikaning tranzit qoidalarini kuchaytirishi AQShning janubiy chegara orqali noqonuniy muhojirlar oqimini kamaytirish talablari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. So‘nggi haftalarda Qo‘shma Shtatlarda bu masala bo‘yicha qizg‘in munozaralar bo‘lib o‘tdi - AQSh Kongressidagi Respublikachilar partiyasi vakillari chegaradagi vaziyat tufayli Ukrainaga Rossiyadan himoyalanish uchun yordam ajratishni ma’qullashdan bosh tortdi.

Noqonuniy migratsiya masalasi 27 dekabr, chorshanba kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va AQSh ichki xavfsizlik xizmati vakillarining Meksika prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador bilan uchrashuvida muhokama qilinadi. Obrador avvalroq Meksika bu sohada qattiqroq choralar ko‘rishini aytgan edi.

Amerika chegara xizmati vakillariga ko‘ra, har kuni o‘n mingga yaqin odam Meksika va AQSh o‘rtasidagi chegarani kesib o‘tadi.

Yevropa ham migratsiya inqirozi yoqasida

Yevropa Ittifoqi ham bir necha oydan beri noqonuniy muhojirlarning kelishi bilan bog‘liq qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Gap nafaqat O‘rta Yer dengizi orqali Yevropaga yetib kelgan Afrika davlatlaridan kelgan muhojirlar, balki Rossiyadan uyushtirilgan tarzda Finlandiya chegarasiga olib kelingan uchinchi davlat fuqarolari haqida ham ketmoqda.

Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo Rossiya Federatsiyasi orqali muhojirlar oqimini mamlakatning NATOga qo‘shilishi uchun «Kremlning qasosi», deb hisoblaydi. Finlandiya avvalroq muhojirlar oqimining oldini olish maqsadida Rossiya bilan chegaradagi barcha nazorat-o‘tkazish punktlarini yopgan edi. Dekabr oyi o‘rtalarida Finlandiya hukumati cheklovlarni yumshatdi, biroq oradan 24 soat o‘tmay nazorat punktini yana yopishga majbur bo‘ldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid