Kyoln soborida teraktga ehtimoliy tayyorgarlik yuzasidan tergov olib borilayotgani munosabati bilan Germaniya maxsus xizmatlari 24 dekabr kuni Kyolndan yuz kilometr uzoqlikda joylashgan Vezel shahridagi kvartirada tintuv o‘tkazdi va besh kishini qo‘lga oldi. Kyoln politsiyasining 26 dekabr, seshanba kuni xabar berishicha, ulardan biri, 30 yoshli tojikistonlik «xavfning oldini olish maqsadida» hibsga olingan.
Bu shaxs bo‘yicha «davlat himoyasi nuqtayi nazaridan muhim ma’lumotlar bor», deya ta’kidlab o‘tdi politsiya matbuot xizmati. Qolgan to‘rt kishi tekshiruvdan so‘ng qo‘yib yuborildi. Qayd etilishicha, Kyoln politsiyasining talabiga binoan Oberxauzen tuman sudi 25 dekabr kuni tojikistonlikka nisbatan 2024 yilning 7 yanvarigacha qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tasdiqlagan.
Jinoiy politsiya boshlig‘i Mixael Esserning so‘zlariga ko‘ra, politsiya tergovni katta bosim ostida olib bormoqda hamda «xalqni va Kyoln soborini himoya qilish va yaqinlashib kelayotgan bayramlarda xavfsizlikni ta’minlash uchun barcha qonuniy choralarni ko‘rmoqda».
Avvalroq Germaniya IIV GFR va Avstriya razvedka xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Kyoln va Venada bayram vaqtida sodir etilishi mumkin bo‘lgan teraktlar tahdidi fonida Germaniya xavfsizlik idoralari hushyorlikni oshirgani haqida xabar bergan edi. «Ayni damda terrorizm tahdidi kuchaymoqda. Shu munosabat bilan barcha xavfsizlik idoralari maksimal darajada hushyorlik bilan harakat qilmoqda», - dedi vazirlik vakili.
Kyoln soborida xavfsizlik choralari kuchaytirildi
Bayramlarda odatda 100 000 ga yaqin tashrif buyuruvchilarni jalb qiladigan Kyoln sobori aksariyat sayyohlar uchun yopiqligicha qolmoqda. Sobor ichidagi ekskursiyalar uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tganlarga istisno mavjud. Janubiy minoradagi kuzatuv maydonchasiga tashrif buyurish hozircha imkonsiz. Kyoln sobori xavfsizlik xizmati rahbari ta’kidlaganidek, «barcha tadbirlar rejaga muvofiq amalga oshiriladi».
Kyoln va Venada ogohlantirish
23 dekabr kuni nemis OAV maxsus xizmatlarga tayanib, Germaniyadagi Kyoln sobori, shuningdek, Venadagi cherkovlardan biri teraktlar nishoniga aylanishi mumkinligi haqida xabar berdi. Kyoln politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, shubhalar terrorchilik hujumi xavfini ko‘rsatgan, ammo soborda xavfsizlik choralari 25 dekabrda katolik va protestant cherkovlari tomonidan nishonlanadigan rojdestvo arafasida kuchaytirilgan.
















