So‘nggi bir necha yildagi voqealar - koronavirus pandemiyasi va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi global iqtisodiyot rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Neft narxi ko‘tarildi, inflatsiya o‘sdi va ta’minot zanjiri buzildi. Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda inflatsiya sezilarli darajada pasaygan bo‘lsa-da, foiz stavkalari yuqoriligicha qolmoqda. Ular qachon tushishini aniq aytish mushkul. Markaziy banklar bunday qadam tashlashga shoshilmayapti.
Ba’zi ekspertlarning fikricha, pul-kredit siyosati qat’iylashtirilishi oqibatlari faqat 2024 yilda sezila boshlaydi, chunki 2023 yilda ular ko‘pchilik kutgan ta’sirga ega bo‘lmadi. «Global iqtisodiyot, barcha keskinliklarga qaramay, biz taxmin qilgandek kuchsizlangani yo‘q, - deydi Oxford Economics bosh iqtisodchisi Adam Sleyter DW nashriga bergan intervyusida. - Biroq, bizning taxminimizcha, buning kuzatilishi - vaqt masalasi».
Sleyter kelgusi yilda global iqtisodiy o‘sish nisbatan «zaifroq» bo‘lishini kutmoqda va texnik tanazzulni istisno etmayapti. 2024 yilda global yalpi ichki mahsulot o‘sishi 2023 yildagi darajadan unchalik farq qilishi kutilmayapti, biroq ko‘plab kuzatuvchilar uning sekinlashishini taxmin qilmoqda. Xususan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) kelgusi yilda global iqtisodiy o‘sish 2,7 foizni tashkil etishi, bu 2023 yildagi 2,9 foiz darajasidan biroz pastroq bo‘lishi borasida prognoz berdi.
O‘z navbatida, Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) o‘sishni 2,9 foiz, Yevropa markaziy banki (YeMB) esa 3 foiz darajasida kutmoqda. Biroq, prognozlar mintaqalar bo‘yicha farqlarni hisobga oladi. Masalan, XVJ AQShda Xitoy yoki Yevropaga qaraganda ancha kuchli iqtisodiy o‘sishni taxmin qilmoqda.
Xitoy o‘zini qanday tutadi?
Xitoy iqtisodiyotining «sovishi» 2024 yilda mutaxassislar e’tibori markazida bo‘ladi. Sababi, dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti jahon rivojiga katta ta’sir ko‘rsatadi. «Bu (Xitoy iqtisodiyotining rivojlanishi) global o‘sish nuqtayi nazaridan ham, Osiyo mintaqasidagi iqtisodiy rivojlanish dinamikasini aniqlash uchun ham muhim», - deya tushuntirdi Sleyter.
Hindiston Siyosiy tadqiqotlar markazidan Sushant Singx ham shunday fikrda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy iqtisodiyoti «tiklanishi yoki cho‘kishi» masalasi 2024 yil uchun asosiy bo‘ladi. Joriy yil boshida Jahon banki Xitoyning iqtisodiy «lohasligi» an’anaviy ravishda global iqtisodiyot dvigatellaridan biri bo‘lgan Sharqiy Osiyoga chuqur ta’sir ko‘rsatishi haqida ogohlantirgan edi.

















