08:57 / 29.12.2023
5688

Kiyev budjetdagi muammolar tufayli ittifoqchilar bilan shoshilinch uchrashuvni kutmoqda

Bosh vazir Shmixalning Bloomberg tomonidan ko‘rib chiqilgan ittifoqchilarga yo‘llagan maktubida aytilishicha, Kiyev 2024 yil boshidagi hukumat ishini qo‘llab-quvvatlash uchun zudlik bilan makromoliyaviy yordamga muhtoj.

Foto: Italy Photo Press/IMAGO

Ukraina kelasi yil boshida davlat budjetini to‘ldirish bo‘yicha «o‘ta yuqori noaniqlik» tufayli xalqaro moliyaviy donorlar bilan shoshilinch uchrashuv o‘tkazishga intilmoqda. Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal donorlarni muvofiqlashtirish guruhiga yo‘llagan maktubida asosiy budjet ehtiyojlarini qoplash uchun yanvar oyida moliyaviy resurslar olish zarurligini ta’kidladi, deb xabar berdi Bloomberg 28 dekabr, payshanba kuni hujjatni ko‘rib chiqib.

«Makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish uchun 2024 yil yanvaridan boshlab yetarlicha, tezkor va taxmin qilinadigan tashqi moliyalashtirishni olishimiz muhim», — deyiladi maktubda. Shmixal donorlarni 2024 yilda Ukrainaga zudlik bilan yordam ko‘rsatishga e’tibor qaratishga chaqirdi - hukumat ishini qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ ajratish, o‘qituvchilar, davlat xizmatchilari va nafaqaxo‘rlarga to‘lovlar uchun.

Ukraina bosh vaziri, shuningdek, yanvar oyida donorlar uchrashuvini tashkil etishga chaqirdi. «Ijtimoiy ehtiyojlarimizni qondirish uchun biz martgacha kuta olmaymiz», deyiladi maktubda.

Bundan tashqari, hujjat donorlarni muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlarini Ukrainani qayta tiklashga yo‘naltirish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirishni boshlashga chaqiradi. Kreml «urush va vayronagarchilik uchun to‘lashi kerak - va bu keyingi yillarda tiklanishning asosiy manbayi bo‘ladi», dedi Shmixal.

Ukrainaga yordam ajratish YeIda Vengriya va AQShda respublikachilar tomonidan bloklanyapti

Ukraina Yevropa va AQSh va’da qilgan 110 milliard yevroga yaqin moliyaviy yordamdan mablag‘ ololmayapti. Yevropa Ittifoqida Vengriya joriy yilning iyun oyidan boshlab 50 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ajratishga to‘sqinlik qilmoqda. Bryussel Budapesht blokadani davom ettirsa, zaxira rejalarini tayyorlamoqda. 1 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi sammitida bu borada qaror qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Qo‘shma Shtatlarda sentabr oyidan beri respublikachilar Ukrainaga yordam ko‘rsatilishiga to‘sqinlik qilmoqda, bu faqat Kongress ma’qullashi bilan amalga oshirilishi mumkin. Oq uy Ukrainaga 61,3 milliard dollar yordam so‘ragan. Respublikachilar partiyasi ichki muammolarni hal qilish - AQShning Meksika bilan chegarasini mustahkamlash va noqonuniy migratsiya ko‘lamini cheklash uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratmasdan turib, bu transh bo‘yicha kelishib olishdan bosh tortmoqda.

Mavzuga oid
Top