2023 yil 26 dekabr kuni tan olinmagan Abxaziya parlamentining navbatdagi yig‘ilishida deputatlar muhim hujjatni tasdiqladi. Unga ko‘ra, Abxaziyaning Qora dengiz bo‘yida joylashgan Pitsunda deb atalgan qariyb 180 gektar yeri Rossiyaga 49 yilga ijaraga beriladi.
Rossiya olayotgan joyda davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan dala hovlilar, sanatoriyalar, pansionatlar va boshqa dam olish maskanlari joylashgan.
Abxaziyadagi muhim joylardan birini Rossiyaga berish masalasi respublika parlamentida uch marta o‘qishda ma’qullangan va yakunda 35 nafar deputatdan 26 nafari rozi bo‘lgan.
Parlament spikeri Lasha Ashubaning aytishicha, parlamentga bir nechta guruh vakillari taklif etilgan va respublika xavfsizligini ta’minlash uchun shartnomani qabul qilishning bir qancha variantlari muhokama qilingan.
Pitsundani Rossiyaga uzoq muddatga ijaraga berish masalasi parlamentda muhokama qilinayotgan paytda abxaziyaliklar namoyishlarni boshlab yuborishdi.
Ular respublikadagi eng yaxshi va muhim joy juda uzoq muddatga Rossiyaga berib yuborilayotganiga qarshi chiqishmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda videolar joylanmoqda va ularning ostida abxaziyaliklar va rossiyaliklarning bahslari kuzatilmoqda.

«Shuncha yildan buyon Rossiya sizlarni boqib keldi. Davlat tashkilotlarida ishlaydiganlarga maoshlar, qariyalarga pensiyalarni to‘ladi. Endi ozgina yer berilishiga qarshi chiqib «rahmat» aytyapsizlarmi?» – qabilida izohlar yozmoqda rossiyaliklar.
Bunga javoban abxaziyaliklar «Rossiya har doim xolis do‘stligini aytib kelgani, agar bir kun kelib o‘sha yordam hisobiga yer olishini aytganda, yordam pullarini olmagan bo‘lishi»ni aytib javob berishgan.
Ijtimoiy tarmoqlardagi bahslarda gurjistonliklar ham abxaziyaliklarga istehzoli gaplar yozishmoqda. Boshqalari esa xalqaro normalarga ko‘ra Gurjiston hududi bo‘lgan joy abxazlar tomonidan Rossiyaga berib yuborilayotganiga qarshi bo‘lyapti.
Namoyishlar boshlangandan so‘ng parlament binosi oldiga yig‘ilgan Abxaziya muxolifati vakillari Rossiya bilan shartnoma respublika konstitutsiyasiga zidligini aytib chiqdi. Ovoz berishda shartnomaga qarshi bo‘lgan deputatlar ularga qo‘shilgan.
Shartnomaga qarshi bo‘layotganlar u bekor qilinmaguncha namoyishlarga chiqaverishini e’lon qilishdi. Shundan so‘ng parlament, hukumat va boshqa hokimiyat binolarini qo‘riqlash kuchaytirildi.


















