“Bola huquqlari buzilishining boshlang‘ich nuqtasi ota-onalar o‘z farzandini mulki sifatida ko‘rishi bilan boshlanadi. Bola o‘z hayotiga oid bo‘lgan kichik va katta qarorlar qabul qilishda ishtirok etmaydi. Bu – bizning jamiyatdagi umumiy tafakkur. Davlat qonunchilikni qat’iylashtirishi bilan masala to‘liq hal bo‘lmaydi, jamiyat ham bunga javob berishi lozim”. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning Kun.uz'ga bergan intervyusini tomosha qiling.

Tobora o‘zgarib borayotgan dunyoda inson huquqlari, shuning barobarida bolalar huquqlarini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Xususan, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston bolalari bilan sodir bo‘layotgan voqealar fonida mamlakatimizda ham bu masala jamoatchilikning kun tartibida bo‘lib turibdi. 

Xo‘sh, hozirda o‘zbek bolalari yetarlicha himoya qilinyaptimi? Ombudsmanning jarayondagi roli qanday bo‘lyapti? Kun.uz ayni shu mavzu atrofida butun respublikadagi vaziyatni tahlil qilish, muammolarni ko‘tarish maqsadida bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova bilan suhbat tashkil qildi. 

– Bolalar ombudsmani etib tayinlanganingizga ham 2 oy to‘ldi, ish boshlagach O‘zbekistondagi holatni o‘rgandingizmi? Bolalar huquqlari bilan bog‘liq ayni vaziyatni qanday baholaysiz? Bu borada nimalar bizning asosiy muammolarimiz bo‘lib qolmoqda? 

— Bu lavozimda ish boshlaganimga 2 oy bo‘lgan bo‘lsa, shu vaqt davomida bu tizimni o‘rgandik, kutuvlarimiz bor. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, boshqa sohalar qatori bolalar huquqlarini himoya qilish sohasi ham tubdan isloh etildi. Qat’iy ravishda davlat bola huquqlarini himoya qilishi zarur, degan pozitsiya yaratilib, shu e’tirof etilmoqda. 

Bolalar huquqlarini buzish holatlari uchun jazolar qat’iy va og‘irlashtirilgan bo‘lsa-da, bu asosan oqibat bilan ishlash hisoblanadi. Aslida muammoning ildizi, zo‘ravonlik holatlari kelib chiqishiga sabablarini o‘rganish lozim. Menimcha, buning ildizi ijtimoiy-tarixiy tafakkur bilan bog‘liq. Bizning jamiyatda bolaga nisbatan to‘laqonli inson, shaxs deb qarash yo‘q, bola ota-ona qaramog‘ida bo‘lgan kichik bir odam, deb qaraladi, uning fikrlari, munosabati deyarli inobatga olinmaydi. Ya’ni jamiyatning teng a’zosi sifatida ko‘rilmaydi. 

Bu yondashuv bola tug‘ilgandan voyaga yetgunga qadar davom etadi. Bolaning nima kiyishidan tortib kim bilan oila qurishigacha ota-onalar, yaqinlar, jamiyat hal qiladi. Bola o‘z hayotiga oid bo‘lgan kichik va katta qarorlar qabul qilishda ishtirok etmaydi. Bu bizning jamiyatdagi umumiy tafakkur. Bu narsa hatto bolaga bir buyumdek qarash holatlariga ham o‘tib ketadi ba’zida. Bola alohida shaxs sifatida e’tirof etilmagandan keyin tabiiy ravishda uning huquq va erkinliklari ham e’tirof etilmaydi. Bola huquqlarining buzilishi shundan boshlanadi.