O‘zbekiston | 09:47 / 30.12.2023
16528
2 daqiqa o‘qiladi

Oqdaryo tumani sobiq hokimi tadbirkordan 200 ming dollar olayotganda ushlandi 

Muqaddam Samarqand viloyati Oqdaryo tumani hokimi bo‘lib ishlagan shaxs va ichki ishlar sobiq xodimi hamda maklerlik bilan shug‘ullanuvchi fuqaro tadbirkorga Quyi Chirchiqda 11 gektar yerni nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 6 mln dollar talab qilgan. Ular Toshkentdagi kafelardan birida so‘ralgan pul mablag‘idan 200 ming dollarni oldindan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Foto: Videodan kadr

Oqdaryo tumanining sobiq hokimi tadbirkordan 200 ming AQSh dollari olayotganda ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, muqaddam Samarqand viloyatining Oqdaryo tumani hokimi lavozimida ishlagan shaxs va ichki ishlar organlarining sobiq xodimi hamda maklerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqaro o‘zaro til biriktirib, aldov yo‘li bilan tadbirkorning ishonchiga kirgan.

Xususan, Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumani “Surum” MFY hududidan tikuvchilik fabrikasi tashkil etish uchun boshqa bir fuqaroga tegishli mas’uliyati cheklangan jamiyatga berilgan 11,1 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 6 mln AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, mazkur uch nafar shaxs Toshkent shahridagi kafelardan birida so‘ralgan pul mablag‘idan 200 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid