Yil yakunlanar ekan, barcha sohalarda sarhisoblar qilinadi, oldindagi vazifalar belgilanadi. Tashqi siyosat sohasi ham bundan mustasno emas.

Xo‘sh, xalqaro sahnaning tobora qizib borishi bilan o‘tgan 2023 yil O‘zbekiston va Markaziy Osiyo uchun qanday o‘tdi, bu yil qaysi tashqi siyosiy vektorlarni kuchaytirishga erisha oldig-u, qanday chaqiriqlar yangradi?

Kun.uz'ning “Geosiyosat” rukni bu borada siyosiy tahlilchilar Ulug‘bek Hasanov, Nargiza Umarova va Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.

— O‘tayotgan yil O‘zbekiston tashqi siyosati uchun qanday kechdi?

Ulug‘bek Hasanov: — Yakunlanayotgan yilda O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatda dasturiy g‘oyalarni va davlat rahbari ko‘targan tashabbuslarning aksariyatini amalga oshirdi. Ko‘tarilayotgan tashabbuslar xalqaro maydonda o‘z aksini topmoqda ham.

17-18 may kunlari Sianda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Xitoy sammitini oladigan bo‘lsak, Sian deklaratsiyasida respublikamiz va Markaziy Osiyo davlatlari ko‘targan g‘oyalar asosiy o‘rin tutadi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan ham kuchli yondashuv sifatida qabul qilindi, mamlakatimiz tashqi siyosatidagi salmoqli nuqta bo‘ldi.

Sentyabr oyidagi Markaziy Osiyo va AQSh sammiti ham yuqori darajada bo‘ldi. Davlat rahbarimizning BMTdagi chiqishlari, Yevropa bilan hamkorlik, Janubiy Osiyo bilan munosabatlarda rivojlanish davomiyligi… Respublikamiz ko‘tarayotgan masalalar nafaqat Markaziy Osiyo, balki xalqaro hamjamiyatda ham muhim o‘ringa ega bo‘lyapti.

Nargiza Umarova: — O‘tgan va oldingi yillarda ham O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘zini faol va mas’uliyatli o‘yinchi sifatida namoyon etdi. Faollik prezidentimizning, vazirlik va idoralarimiz vakillarining tashriflarida va boshqa davlat rasmiylari tashriflarida ko‘rinadi. Mas’uliyatlilik shundaki, O‘zbekiston tashqi siyosatda birinchi o‘rinda Markaziy Osiyoni belgilaydi. Shu nuqtayi nazardan O‘zbekiston tashqi siyosatda ilgari surayotgan tashabbuslar faqat o‘zimiz uchun emas, balki Markaziy Osiyo rivojlanishi uchun ham muhim hisoblanadi. Sohalarga e’tibor bersak, O‘zbekiston Markaziy Osiyoni barqaror rivojlanayotgan mintaqa sifatida ko‘rishni istayotganini ko‘rsatadi.

Ikkinchi muhim yo‘nalish esa xavfsizlik masalasi. Dunyoda murakkab jarayonlar ketayotgan bir paytda mintaqa xavfsizligini ta’minlash muhim ustuvor yo‘nalish ekani ta’kidlanmoqda.