Jahon | 14:29 / 01.01.2024
9692
2 daqiqa o‘qiladi

Israel Kats Isroil TIVning yangi rahbari bo‘ladi

Isroil vazirlar mahkamasining rotatsiyasi koalitsiya kelishuvida nazarda tutilganidek amalga oshirildi.

Foto: Abir Sultan / Associated Press

Isroil vazirlar mahkamasi mamlakat tashqi ishlar vazirini almashtirishni ma’qulladi. Ilgari Eli Koen egallab turgan bu lavozimga hozirda Energetika vazirligi rahbari bo‘lgan Israel Kats tayinlanadi. Bu haqda 31 dekabr, yakshanba kuni hukumat matbuot xizmati xabar berdi. O‘z navbatida, Koen Katsning o‘rnini energiya vaziri lavozimida egallaydi. Bu tayinlovlar mamlakat parlamenti - Knesset tomonidan tasdiqlanishi kerak.

68 yoshli Kats 1998 yildan beri «Likud» partiyasi ro‘yxati bo‘yicha Knessetga saylanib kelmoqda. U o‘tmishda turli vazirlik lavozimlarida ishlagan, jumladan, 2019 yildan 2021 yilgacha tashqi ishlar vaziri bo‘lgan. Kats falastinliklarga nisbatan qattiq siyosat tarafdori sanaladi. Energetika vaziri sifatida u suv va elektr ta’minoti sohasida G‘azo sektorining blokadasini qo‘llab-quvvatlagan. 

Koalitsiya shartnomasi rotatsiyani nazarda tutadi 

Benyamin Netanyahu boshchiligidagi Isroilning amaldagi hukumati 2022 yil oxirida parlament saylovlari natijalariga ko‘ra tuzilgan edi. Koalitsiya Netanyahuning o‘ng qanot «Likud» partiyasi atrofida tuzilgan. U bilan birga hukumatga o‘ta o‘ng va o‘ta pravoslav siyosiy kuchlar kirdi. 

Koalitsiya muzokaralari natijasida vazirlar mahkamasining ushbu tarkibida Tashqi ishlar vazirligi rahbarining o‘rni «Likud» partiyasiga berildi va Koen vazir lavozimini egalladi. Shu bilan birga, koalitsiya kelishuvida dastlab 2023 yil dekabrida rotatsiya tamoyili asosida Koen Energetika vazirligini boshqargan Kats bilan o‘rin almashishi ko‘zda tutilgan. Agar koalitsiya shu vaqtgacha davom etsa, vazirlar 2025 yil dekabr oyida portfellarini almashtiradi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid