Ukrainada urushning 677-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Belgorodda 30 dekabr kungi zarbalar vaqtida jarohat olgan to‘rt yoshli qizcha vafot etdi. Shahar markaziga yo‘llangan zarba oqibatida halok bo‘lganlar soni 25 kishini tashkil etmoqda.
  • Putin Belgorodga 30 dekabr kuni berilgan zarbalarni terakt deb baholadi. U Ukraina bo‘ylab zarbalar ko‘paytirilishi bilan tahdid qildi.
  • Yangi yil kechasi Ukraina dronlarning yopirilma hujumiga uchragan. Ukraina qurolli kuchlari 87 ta dron urib tushirilganini ma’lum qilgan.
  • Odessa oblastida dronlar hujumi oqibatida bir o‘smir halok bo‘lib, yana uch kishi jarohatlangan holda shifoxonaga yotqizilgan.
  • Donetsk markazi ham yangi yil kechasi zarbaga uchradi. To‘rt kishi halok bo‘lgan.
  • Ukrainadagi urushda 2005 yilda tug‘ilgan rossiyalik kontraktnik halok bo‘ldi, deb xabar bergan BBC rus xizmati. Nashrning yozishicha, bu 2005 yilda tug‘ilgan harbiylar orasida qayd etilgan ilk o‘lim holatidir.
  • Belgorod bo‘ylab zarbadan keyin Rossiya shaharlarida yangi yil salyutlari va bayram tadbirlari bekor qilingan.
  • Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning ma’lum qilishicha, Rossiya sudlari 200 dan ortiq ukrain harbiylarni uzoq muddatlarga qamash to‘g‘risida hukmlar chiqargan.

Donetsk bo‘ylab zarbalar

«DXR» rasmiylari ma’lum qilishicha, Ukraina qurolli kuchlari yangi yil kechasi Donetsk markazini o‘qqa tutgan. «Donbass Palas» mehmonxonasi, shaharning Kalininskiy va Budennovskiy rayonlari zarbaga uchragan. O‘zini o‘zi respublika deb e’lon qilgan hudud rahbari Denis Pushilin Ukraina QK shaharni kassetali snaryadlar bilan o‘qqa tutganini aytgan. Zarba oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lib, 13 kishi yaralangan. TASS xabariga ko‘ra, halok bo‘lganlardan biri — jurnalist, yana bir jurnalist yaralangan.

«Faqat terrorchi vahshiylar shunday yo‘l tutishi mumkin», — degan RF TIV rasmiysi Mariya Zaxarova. U Ukraina hududlari 1 yanvarga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini tomonidan o‘qqa tutilgani yuzasidan to‘xtalib o‘tirmagan.