O‘zbekistonda 2023 yil davomidagi inflatsiya 8,77 foizni tashkil etdi, deyiladi Statistika agentligi 31 dekabr kuni e’lon qilgan hisobotda. Bu – 2016 yil avgust oyidan keyingi davrdagi eng past rasmiy inflatsiya ko‘rsatkichi demakdir.

Agentlikka ko‘ra, dekabr oyida iste’mol sektoridagi narxlar o‘rtacha 1,2 foizga oshgan.

Statistika organining qayd etishicha, 2023 yilda oziq-ovqat mahsulotlari 9,7 foizga, nooziq-ovqatlar 7,7 foizga, xizmatlar 8,7 foizga qimmatlashgan.

Yil davomida oziq-ovqatlardan go‘sht mahsulotlari narxi 9,1 foizga, baliq va dengiz mahsulotlari 7,7 foizga, sut va sut mahsulotlari, shuningdek, tuxum 11,2 foizga, mevalar va yong‘oqlar 37,1 foizga, shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar 9 foizga, spirsiz ichimliklar 5,9 foizga oshgan. Yog‘lar va moylar 9,7 foizga, sabzavotlar 1,4 foizga arzonlashgan.

Alohida mahsulot turlariga qaralsa, 2022 yilning dekabriga nisbatan guruch va guruch oqshog‘i 38,7 foiz, xom, yangi sog‘ilgan sut 13,3 foiz, tuxum 11,7 foiz, shakar 11,0 foiz, mol go‘shti 9,3 foiz, qo‘y go‘shti ham 9,3 foizga qimmatlashgan. Bug‘doy uni 1,1 foizga arzonlashgan bo‘lsa, kungaboqar yog‘ining narxi 17,8 foizga tushgan.

2023 yilda eng ko‘p qimmatlagan meva-sabzavotlar – anor (+203,3 foiz), limon (+128,9 foiz), pomidor (+40,2 foiz), banan (+12,7 foiz), mandarin (+10,9 foiz), bodring (+6,7) va karam (+6,7 foiz) bo‘lgan.

Baqlajon (–44,3 foiz), bulg‘or qalampiri (–43,2 foiz), piyoz (–40,7 foiz), sabzi (–15,5 foiz) va kartoshka (–14,7 foiz) yil davomida sezilarli arzonlashgani kuzatilgan.

2023 yilda ta’lim sohasidagi xizmatlar 2,5 foizga, kiyim va poyabzal narxlari 6,2 foizga, turar joy xizmatlari, suv, elektr, gaz va boshqa yonilg‘i turlari 6,4 foizga, sog‘liqni saqlash guruhidagi narxlar 9,7 foizga, dam olish, sport va madaniyat guruhida 10,1 foizga, transport sohasida 15,1 foizga, restoran va mehmonxona xizmatlari 19,6 foizga oshgan; axborot va aloqa yo‘nalishidagi narxlar 0,2 foizga tushgani qayd etilgan.

Xususan, sovuq suv va kanalizatsiya xizmatlari 65 foizga, chiqindilarni olib ketish uchun to‘lov 12,9 foizga, elektr energiyasi uchun to‘lov 2,2 foizga, issiq suv ta’minoti uchun to‘lov 1,1 foizga ko‘tarilgan.