Sentyabr oyida Xitoy elchisi Kobulda “Tolibon” bosh vaziriga ishonch yorlig‘ini topshirgan edi. 29 dekabr kuni esa Qozog‘iston hukumati “Tolibon”ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi. Xo‘sh, toliblarga nisbatan munosabat sekin-asta o‘zgaryaptimi? Kun.uz “Geosiyosat” ruknida bu haqdagi savollarga siyosatshunos Farhod Karimovdan javob oldi.
— 29 dekabr kuni Qozog‘iston hukumati “Tolibon”ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi. Buning sababi nimada?
— Bu savol ko‘pchilikni qiziqtiryapti. “Tolibon” turli davlatlar bilan munosabat o‘rnatyapti-yu, lekin o‘zi ularning qora ro‘yxatida yoki terroristik tashkilotlar ro‘yxatida turibdi. “Tolibon” bunaqa ro‘yxatlarda bo‘ladimi-yo‘qmi, dunyoning yetakchi davlatlari bilan ham, mintaqa davlatlari bilan ham aloqalar o‘rnatgan. Dohadagi idorasida ham AQSh, Rossiya, Xitoy kabi katta davlatlar bilan munosabatga kirishib turardi, vaholanki, bu davlatlarda “Tolibon” terroristik tashkilot sifatida e’tirof etiladi.
Afg‘onistonda shunday vaziyatki, xalqning katta qismi – asosan pushtunlar – “Tolibon”ga ergashyapti. Afg‘onistonda legitim bo‘lib turgan hukumat bilan munosabat o‘rnatish kerak, chunki Afg‘oniston Markaziy Osiyoga eng yaqin bo‘lgan muhim strategik hududlardan biri. Hind okeaniga chiqish, xavfsizlik masalalari turibdi. O‘zbekiston hukumati 32 yildirki Afg‘oniston masalasini kun tartibidan qo‘ymay keladi. Shunday ekan, boshqa Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham Afg‘oniston kun tartibida turuvchi masala hisoblanadi.
Amalda hamma “Tolibon” bilan muloqot qilyapti, kerak bo‘lsa, hamkorlik qilyapti, iqtisodiy forum, muzokaralarga chaqirilyapti, shunday bir holatda Qozog‘iston ham chiqarib qo‘ya qoldi. O‘zi shundoq ham diplomatik me’yorlar buzilyapti, bunday ro‘yxatdagi tashkilot a’zolarini chegaradan o‘tkazish mumkin emas.
Pragmatik siyosat olib boradigan davlatlar tushunib yetdiki, “Tolibon” hukumatda ancha vaqt qoladi, balki legitimlik oshib, tan olinar ham. Shu nuqtayi nazardan, Qozog‘istonda “Tolibon”ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan vaqtinchalik chiqarish masalasi bo‘lgan, lekin ro‘yxatdan chiqarish degani rasmiy diplomatik aloqalar yoki huquqiy-siyosiy tan olinish degani emas, shunchaki noqonuniy munosabatlarning oldini oluvchi huquqiy qadam.
Baribir pragmatik siyosat – birinchi omil bu yerda. Afg‘oniston orqali transport koridorlaridan biri o‘tadi, bu allaqachon boshlandi ham. Bu koridor shimoliy koridorga juda yaxshi alternativ bo‘ladi. Hatto Rossiya qiziqish bildiryapti bunga, shunday bir vaziyatda Qozog‘iston bunday loyihalardan chetda qolishi mumkin emas. Qozog‘iston uchun asosiy marshrut shimoliy koridorlar edi, ammo sanksiyalar sabab nofaol holatga keldi. Hali Xitoy loyihasidagi koridor qachon bitishi noma’lum, ishlar sekinlashgan, shuning uchun ham eng qulay marshrut Afg‘oniston orqali bo‘lib qolyapti. “Tolibon” ham bu loyihani qo‘llayapti, tranzit foyda olish imkoni bo‘ladi, infratuzilma shakllanadi. Shuning uchun atrofdagi davlatlar “Tolibon” bilan muzokaraga kirishyapti. Umuman, asosiy sabab shu koridor masalasi bu yerda.















