Ukraina g‘arbni yangi qurollar yetkazib berishga chaqirdi
Rossiyaning o‘qqa tutishi kuchayganiga javoban g‘arb Ukrainani havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlashi va RFni kuchliroq izolyatsiya qilishi kerak, deya bayonot berdi mamlakat TIV.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Kiyevni qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlarni kuchayib borayotgan Rossiya hujumlariga yangi qurol-yarog‘lar bilan javob berishga chaqirdi. Xalqaro hamjamiyat Ukrainaga qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimlari va o‘q-dorilarni yetkazib berishni tezlashtirishi, Kiyevni barcha turdagi harbiy dronlar va 300 kmdan ortiq masofaga uchadigan raketalar bilan ta’minlashi kerak, dedi seshanba, 2 yanvar kuni e’lon qilingan bayonotda tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba. Bundan tashqari, g‘arb davlatlari muzlatilgan Rossiya aktivlaridan Ukrainaga yordam berish uchun foydalanishni hamda «rossiyalik diplomatlarni tegishli poytaxtlar va xalqaro tashkilotlarda izolyatsiya qilishni» ma’qullashi kerak», deb yozdi Kuleba.
«Moskvadagi rejim xalqaro hamjamiyat Ukraina fuqarolarining o‘ldirilishi va Ukrainaning muhim infratuzilmasi vayron bo‘lishiga ko‘z yummasligini his qilishi kerak», — deyiladi bayonotda.
Rossiya Ukrainaga yirik raketa zarbalarini berdi
2 yanvar kuni ertalab Rossiya armiyasi Ukrainaga turli turdagi 99 ta raketa, jumladan, «Kinjal» aeroballistik raketalari va «Kalibr» qanotli raketalarini uchirdi. Ukraina harbiylari 72 ta havo nishonini urib tushirishga muvaffaq bo‘ldi. Hujum oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi, 92 kishi yaralandi. Asosiy zarba Kiyev va Kiyev viloyatiga berildi. Fuqarolik va muhim infratuzilma, sanoat va harbiy obektlarga hujum qilindi, dedi Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya 29 dekabr kuni amalga oshirilgan «keng ko‘lamli havo hujumini» amalda takrorladi. Ukraina qo‘mondonligi bu o‘qqa tutishni urush boshlanganidan beri «eng yirik havo hujumi» deb atagandi. 29 dekabr kuni Kiyev, Dnipro, Zaporijjya va Odessada raketa hujumi oqibatida jami 50 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Jabrlanganlar soni 160 kishidan oshdi.
Mavzuga oid
17:24
The Times: Kiyev bir necha oy ichida oddiy atom bombasini yaratishi mumkin
16:08
Blinken: AQSh Tramp kelishidan oldin Ukrainaga yordamni kuchaytiradi
10:46
Tramp Ukraina bo‘yicha muzokaralar uchun maxsus vakil tayinlaydi
22:44 / 13.11.2024