Yaponiyadagi zilzila

1 yanvar kuni Yaponiya markazidagi Ishikava va Niigata prefekturalarida 5.7, 6.1 va 7.4 balli kuchli zilzilalar sodir bo‘ldi.

Zilziladan so‘ng Yaponiyaning g‘arbiy qirg‘oqlarida sunami xavfi e’lon qilindi. Dengiz to‘lqini ko‘tarilgan bo‘lsa-da, vayronkor sunami kuzatilmadi.

Zilzila tufayli Ishikava prefekturasida kuchli yong‘in ham kelib chiqqan. Olov turarjoy kvartallari va tijorat obektlarini qamrab olgan. Ko‘plab o‘t o‘chirish komandalari olovni o‘chirishga jalb qilingan.

Zilzila qurbonlari 45 kishidan oshgan. Zilzila oqibatida Ishikava prefekturasida 200 dan ortiq uy yonib ketdi. 100 dan ortiq binolar qulab tushdi. Vayronalar ostida 17 kishi qolayotgani aytilmoqda. 

G‘azodagi vaziyat

Isroil HAMASning janglarni 1 oyga to‘xtatib turish taklifini rad qildi, deb xabar beradi Axios agentligi. HAMAS buning uchun garovdagilarni ozod qilish taklifini ilgari surgandi. Bunga javoban Isroil ham qo‘lga olinganlarni ozod qilishi ko‘z tutilgandi.

Agentlikning bu xabari zamirida haqiqat bor-yo‘qligi aniq emas. Chunki HAMAS harakati Isroil okkupantlariga qarshi kurashni to‘xtatmayapti. Harakat G‘azo shimolidagi At-Tuffa va Al-Daraj kvartallarida olib borgan janglarning videosini e’lon qildi. So‘nggi 48 soat ichida Qassam mujohidlari TsAHALning ushbu kvartallarga bostirib kirgan 26 ta texnikasini ishdan chiqargan.

Davom etayotgan bombalashlar oqibatida G‘azodagi qurbonlar soni 22 mingga yaqinlashgan. Isroil agressiyasi boshlangandan buyon halok bo‘lganlar soni 21 ming 978 kishiga yetgan. Yaradorlar soni 57 ming 697 nafarni tashkil etmoqda, degan G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi. Birgina so‘nggi sutka ichida 13 marta ommaviy qirg‘in yuz bergan. 156 kishi vafot etgan, 246 kishi yaralangan.

G‘azo sektoridagi 439 ming turarjoylardan 70 foizi, qolgan binolarning 50 foizi yo to‘liq vayron qilingan yo sezilarli talafotga uchragan, deyiladi Wall Street Journal nashri hisobotida.

Vayron qilingan binolar qatorida qadimiy masjidlar, Vizantiya davrida barpo etilgan cherkovlar, shuningdek, zavodlar, turarjoy binolari, savdo markazlari, hotellar, teatrlar va maktablar bor.