Erondagi terakt

Eronning Kirmon shahrida 4 yil muqaddam o‘ldirilgan general Qosim Sulaymoniy dafn etilgan Gulzori Shahidaiy qabristoni yonida portlash ro‘y berib, generalni xotirlash uchun borayotgan olomon ichida qurbonlarga sabab bo‘lgan.

Eron sog‘liqni saqlash vaziri Barhom Aynullohiy portlash qurbonlari soni 103 kishidan oshganini xabar qildi. Yarador bo‘lganlar soni 180 dan oshadi.

Guvohlarga ko‘ra, qabriston darvozasi yaqiniga o‘rnatilgan ikkita sumka portlagan.

Eron ichki ishlar vaziri Ahmad Vohidiy «Eron xavfsizlik kuchlari imkon qadar tez fursatlar ichida portlash uchun mas’ul bo‘lganlarga javoban qaqshatqich va qat’iy zarba berishi»ni va’da qilgan. Eron Bosh prokuraturasi terakt bo‘yicha ish ochib, tergov-surishtiruv ishlarini boshlagan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va boshqalar Eron prezidenti Ibrohim Raisiyga terakt qurbonlari sabab hamdardlik bildirishgan.

Turli manbalarga ko‘ra, ushbu teraktning Isroil maxsus kuchlari, Suriyadagi Eronga qarshi IShID jangarilari amalga oshirgan bo‘lishi mumkin, degan versiya ilgari surilmoqda. AQSh va Isroil Erondagi teraktga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.

Eronda terakt qurbonlari xotirasiga bugun motam kuni deb e’lon qilindi. 

G‘azo aholisini deportatsiya qilish

Birlashgan Millatlar Tashkiloti G‘azo aholisini majburlab anklavdan deportatsiya qilishni genotsidga tenglashtirdi. Deportatsiya qilingan odamlarni qabul qilishga rozilik bergan davlatlar esa genotsid jinoyatining sheriklari hisoblanadi, dedi BMTning maxsus dokladchisi Balakrishnan Rajagopal.

Bu deportatsiyaning genotsid deb topilishiga asosiy sabab — G‘azo aholisining katta qismi bolalardan iborat ekanida.

Avvalroq Isroilning o‘ta radikal o‘ng millatchilar partiyalaridan chiqqan ikki vaziri — moliya vaziri, «Ha-Tsiyonut ha-Datit» («Diniy sionizm») partiyasi yetakchisi Betsalel Smotrich va ichki xavfsizlik vaziri, «Otsma Yahudit» («Kuchli Isroil») Itamar ben Gvir G‘azo sektoridan falastinliklarni boshqa bir davlatga majburiy-ixtiyoriy deportatsiya qilish haqida gapirgan edi.