Jahon | 01:01 / 09.01.2024
5379
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azodagi havo hujumlarini kamaytirish rejalarini e’lon qildi

Shuningdek, qo‘shinlar soni ham qisqarishi ta’kidlanmoqda.

Foto: New York Times

Isroil mudofaa kuchlarining (TsAHAL) G‘azo sektoridagi amaliyoti kamroq askarlardan foydalanish va havo hujumlari sonini kamaytirishdan iborat yangi bosqichga o‘ta boshladi. Bu haqda TsAHAL vakili Daniel Xagariy The New York Times gazetasiga xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, TsAHAL yanvar oyida G‘azo sektoridagi qo‘shinlari sonini qisqartirishni boshlagan va bu jarayon kelajakda ham davom etadi. Uning ta’kidlashicha, Isroil harbiylari keng ko‘lamli manyovrlar o‘tkazishdan bir martalik reydlar o‘tkazishga o‘tgani sababli, G‘azo shimolidagi amaliyotlar intensivligi ham pasaya boshladi.

Isroilning kelajakdagi rejalari haqida gapirar ekan, TsAHAL vakili harbiylar asosiy e’tiborni HAMAS harakatining janubiy va markaziy tayanch nuqtalariga, xususan, Xon Yunis va Dayr al-Baloh atrofidagi hududlarga qaratishni rejalashtirayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, TsAHAL G‘azoga gumanitar yordam yetkazilishiga alohida e’tibor qaratadi. Shu bilan birga, The New York Times nashrining ta’kidlashicha, bu yangi bosqich G‘azo aholisi uchun kamroq xavfli bo‘lib qoladimi yoki yo‘qmi hali aniq emas.

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush 7 oktyabrda boshlangan. Shu kuni 3 mingga yaqin hamaschi Isroil hududiga bostirib kirdi. 1300 nafardan ortiq isroillik halok bo‘ldi, minglab odamlar yaralandi. 250 nafarga yaqin odam garovga olindi.

Shundan so‘ng Isroil G‘azo sektorida harbiy amaliyot boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabridan 2024 yil 2 yanvariga qadar 22 mingdan ortiq g‘azolik halok bo‘ldi. 31 dekabr kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azodagi urush «yana ko‘p oylar» davom etishini aytdi.

Mavzuga oid