O‘zbekiston | 10:49 / 09.01.2024
6108
3 daqiqa o‘qiladi

Mahallalar uyushmasi Kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va «Mahalla» fondi xodimlarini qisqartirish hisobiga tashkil etilyapti

Yangi tashkil etilayotgan O‘zbekiston mahallalari uyushmasining shtati 982 ta birlikni tashkil qiladi. U Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 667 ta hamda «Mahalla» fondining 320 ta shtat birligini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi.

Prezident «Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzolagani xabar berilgandi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlari tashkil etiladi.

Davlat rahbarining 2023 yil 21 dekabrdagi «O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilanishicha:

  • Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 667 ta shtat birliklari qisqartirilib, uyushma, uning hududiy bo‘linmalari va Vazirlar Mahkamasining «Mahalla yettiligi» faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashkil etiladi;
  • uyushmaning markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining hamda tuman (shahar) bo‘limlarining tuzilmalari 982 shtat birliklari doirasida uyushma raisi tomonidan mustaqil tasdiqlanadi.

«Mahalla» xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) bo‘linmalarining 320 ta shtat birliklari qisqartirilib, uyushma va uning hududiy bo‘linmalariga o‘tkazilyapti.

Uyushma va mahallalar faoliyatini moliyalashtirishning quyidagi tartibi o‘rnatiladi:

  • mahallalar faoliyatini joriy ta’minlash (mahalla raisining ish haqi, kommunal to‘lovlar, kanselyariya mollari va boshqalar) va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash respublika budjeti hisobidan amalga oshiriladi;
  • uyushma har yili 15 iyulga qadar Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga o‘zining markaziy apparati va hududiy bo‘linmalarini hamda tizim tashkilotlarini saqlash, mahallalarni qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatini joriy ta’minlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar hajmi bo‘yicha Respublika kengashi tomonidan tasdiqlangan buyurtmani taqdim etadi;
  • jamoat fondi tomonidan buyurtmaga muvofiq subsidiya ajratiladi;
  • uyushmaning rahbariyati va xodimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlari uyushma taklifiga binoan Respublika kengashi tomonidan tasdiqlanadi;
  • uyushmaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlariga shaxsiy biriktirilgan xizmat avtotransport vositalarini saqlash uchun limitlar ajratiladi;
  • uyushma va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlari uchun g‘aznachilikda boshqa budjetdan tashqari davlat jamg‘armalari sifatida shaxsiy g‘azna hisobvarag‘i ochiladi.

Mavzuga oid