Jahon | 14:25 / 10.01.2024
4183
3 daqiqa o‘qiladi

Podolsk meri o‘rinbosari issiqlik ta’minoti o‘chirib qo‘yilgani tufayli qo‘lga olindi

Moskva viloyatida Podolsk ma’muriyati rahbari o‘rinbosari, qozonxona rahbari va qozonxonaga egalik qiluvchi patron zavodi bosh direktori issiqlik ta’minoti to‘xtatilishi bilan bog‘liq jinoiy ish bo‘yicha qo‘lga olindi.

Foto: Valeriya Sharifulina / TASS

Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi (TQ) Podolsk shahar okrugi ma’muriyati rahbari o‘rinbosarining Moskva yaqinidagi ushbu shaharda issiqlik ta’minoti o‘chirib qo‘yilgani tufayli qo‘zg‘atilgan jinoiy ish doirasida hibsga olinganini ma’lum qildi. Nomi oshkor etilmagan amaldor uskunadagi nuqsonlarga qaramay, isitish mavsumiga tayyorgarlikni tekshirish aktini ma’qullaganlikda gumon qilinmoqda, deb xabar qildi idora 9 yanvar, seshanba kuni Telegram’da. 

Shuningdek, avariya holatidagi qozonxona rahbari va ushbu qozonxonaga egalik qiluvchi «Klimovskiy spetsializirovannyy patronnyy zavod» YoAJ bosh direktori ushlangani xabar qilingan. «Ushlanganlarning binolari va ish joylarida tintuvlar o‘tkazildi, so‘roq jarayoni davom etmoqda», — deyiladi xabarda. 

Biroz vaqt o‘tgach, Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qarori bilan Klimovsk patron zavodi milliylashtirilishini va zavodning «milliylashtirish mexanizmi» allaqachon ishga tushirilganini e’lon qildi. Bir kun avval Putin Moskva viloyatidagi issiqlik ta’minoti bilan bog‘liq vaziyatni o‘z nazoratiga olgan, bu haqda uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov xabar berdi. 

Moskva viloyatidagi isitish tizimida avariya 

4 yanvar kuni isitish tizimida avariya yuz berdi. Viloyat Energetika vazirligi hodisani issiqlik tarmog‘idagi quvvatning ko‘tarilishi va undan keyingi gidravlik zarba bilan izohladi. Klimovskda 20 mingga yaqin odam issiqlik ta’minotisiz qoldi. 

Ertasi kuni jabrlangan mikrorayon aholisi Klimovskdagi maydonlardan birida miting o‘tkazdi. Ular uylarga issiqlikni qaytarishni va kommunal avariya uchun aybdorlarni jazolashni talab qildi. Aholi so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Yevropa qismidagi sovuqlar vaqtida xonadonlarda havo harorati 10 darajagacha tushib ketgan. Shu kuni Podolsk hokimiyati muammoni bartaraf etish uchun qo‘shimcha kuch va vositalarni qo‘llash maqsadida favqulodda holat joriy qildi. 

7 yanvar kuni Klimovskning Podolsk mikrorayonida issiqlik ta’minoti to‘xtatilishi sababli jinoiy ish ochildi. Tergov qo‘mitasi ma’lum qilishicha, tergovchilar hodisaga sabab bo‘lgan omillar va holatlarni aniqlamoqda. Idora isitish magistralidagi avariyani qozonxonadan noto‘g‘ri foydalanilgani bilan izohladi. Shu kuni Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov qozonxonani «xususiy mulkdorlar boshqarishi» hamda uning egalari «bog‘lanishni xohlamagani va g‘oyib bo‘lgani» to‘g‘risida ma’lumot berdi. Bundan tashqari, Moskva viloyati rasmiylari muammolarni Klimovsk «rejimdagi obekt» hisoblangan va ularning nazorati ostida bo‘lmagan patron zavodi idoraviy qozonxonasi tomonidan isitilishi bilan bog‘ladi. 

Mavzuga oid