Jahon | 08:10 / 11.01.2024
7991
4 daqiqa o‘qiladi

8 ta davlat Rossiyani BMTdagi maqomini suiiste’mol qilayotganlikda aybladi

AQSh va yana yetti davlat Rossiyani Ukrainaga hujum qilish uchun Shimoliy Koreya raketalarini sotib olishda va BMT Xavfsizlik kengashidagi pozitsiyasini suiiste’mol qilishda aybladi. Rossiya elchisi an’anaga ko‘ra ayblovlarni rad etdi.

Foto: Mary Altaffer / AP

AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Malta, Sloveniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Ukrainaning BMT Xavfsizlik kengashidagi vakillari Rossiyani Shimoliy Koreya raketalarini sotib olish va Ukrainaga hujum qilish orqali kengash doimiy a’zosi sifatidagi mavqeyidan foydalanganlikda aybladi. Bu haqda 10 yanvar, chorshanba kuni AQShning BMTdagi missiyasi matbuot xizmati saytida chop etilgan bayonotda aytiladi.

Qo‘shma bayonot matnida, shuningdek, KXDRdan Rossiyaga qurol eksport qilish BMT Xavfsizlik kengashining ko‘plab rezolyutsiyalarini qo‘pol ravishda buzayotgani aytiladi. «Ushbu qoidabuzarliklarni ixtiyoriy ravishda sodir etgan Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi o‘z pozitsiyasidan foydalanayotganini aniq ko‘rsatmoqda», — deyiladi bayonotda.

«Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashi doimiy a’zosi BMTning boshqa a’zosiga hujum qilish maqsadida kengash rezolyutsiyalarini qo‘pol ravishda buzishi qabul qilib bo‘lmas holatdir», — deya Reuters agentligi AQShning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Robert Vudning so‘zlaridan iqtibos keltirdi. Boshqa narsalar qatorida, bu akt ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik global tizimini buzadi, deya qo‘shimcha qildi AQSh vakili. 

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya ayblovlarga javoban, bu «ochiq yolg‘on ma’lumot» ekanligini aytdi, ammo to‘g‘ridan to‘g‘ri raddiya bermadi, deb ta’kidlaydi Reuters. 

AQSh RFning KXDR raketalarini qo‘llaganiga oid dalillarga ega, Ukraina hali dalillar bazasi ustida ishlamoqda

Shu kuni Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari general mayor Vadim Skibitskiy Ukraina ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida Kiyevda hozir Rossiya Federatsiyasida KXDRdan ballistik raketalar borligiga oid to‘g‘ridan to‘g‘ri dalil yo‘qligini aytdi. «Xalqaro sudga kelib, «Ommaviy axborot vositalarida kimdir qayerdadir nimanidir otdi, deb yozishdi», deya olmaysiz. Bu bunday ishlamaydi. Shuning uchun shoshilmayapmiz. Bu masala ustida ishlayapmiz, agar ular bo‘lsa mavjud bo‘lsa, albatta o‘zini namoyon qiladi», dedi u. 

Shu bilan birga, Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi koordinatori Jon Kirbi bundan bir kun oldin, 6 yanvarda Rossiya Ukrainaga Shimoliy Koreyadan olgan bir nechta raketalarni uchirganini aytdi. Uning aniqlik kiritishicha, Qo‘shma Shtatlar hozirda Ukrainaga bunday hujumlar oqibatlarini baholamoqda. Kirbi ta’kidlashicha, Rossiya ittifoqchi davlatlardan harbiy texnika izlashga majbur va ulardan biri - KXDR. Osiyo davlati yaqinda Rossiyani ballistik raketa uchiruvchi qurilmalar va bir necha o‘nlab shunday raketalar bilan ta’minladi, deya qo‘shimcha qildi Oq uy vakili 9 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan brifingda. 

30 dekabr va 2 yanvar kunlari Rossiya urush boshlanganidan beri Kiyev, Xarkiv va Ukrainaning boshqa shaharlariga barcha turdagi raketalar va hujumkor dronlardan foydalangan holda hujumlarning eng yirik to‘lqinlaridan birini amalga oshirdi. 40 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, 29 dekabrdan beri Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga 300 ga yaqin raketa va 200 dan ortiq uchuvchisiz uchoqlarni uchirgan. Oq uy ma’lumotlariga ko‘ra, RF ushbu hujumlarda KXDR raketalaridan qisman foydalangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid