NATO davlatlari Ukrainaga muhim harbiy, iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatishda davom etishini ochiq-oydin ta’kidladi, ko‘pchilik «2024 yilda Kiyevga milliardlab yevro qo‘shimcha kuch va imkoniyatlar» taqdim etish rejalarini e’lon qildi. Bu haqda 10 yanvar, chorshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATO-Ukraina kengashi yig‘ilishidan so‘ng NATO matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bundan tashqari, «NATOdan bu yil Ukraina ustuvor loyihalari uchun 500 million yevro ajratilishi haqida va’da bor», dedi Ukrainaning NATOdagi missiyasi rahbari Natalya Galibarenko uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarga. «NATOning barcha davlatlari, istisnosiz, kelajakda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini, ular va ularning hukumatlari hech qanday charchoqni boshdan kechirmayotganini tasdiqladi. Bu urush uzoq davom etishini hamma tushunadi va yordam uzluksiz bo‘lishi kerak», - deydi u. Galibarenko ba’zi mamlakatlarning yangi harbiy yordam paketlari haqidagi e’lonlarini «yangi yil boshida xushxabar» deb atadi.
Ukrainaning NATOdagi missiyasi rahbari: Ukrainada integratsiyalashgan HHM tizimini qurish rejalashtirilmoqda
Missiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bir qator davlatlar NATOning keng qamrovli yordam paketiga o‘z hissasini oshirishga va’da bergan. «Bu ikki yillik urush davomida bizga asosiy ehtiyojlarimizni qondirishga, ya’ni shartli ravishda antidronlar, jihozlar, turniketlar, dori-darmonlar, yonilg‘ini sotib olishga imkon bergan narsadir», - deya tushuntirdi Galibarenko. Ushbu vosita orqali, shuningdek, minalardan tozalash va infratuzilmani tiklash bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi. Bu rejalar orasida Ukrainada integratsiyalashgan havo mudofaa tizimini qurish ham bor, dedi u tafsilotlarni ochiqlamasdan.
Hozir ittifoqchilar mamlakatda havo mudofaasi samaradorligini qayd etyapti, dedi Galibarenko, chunki «shahedlar» va qanotli raketalarni urib tushirish darajasi nuqtayi nazaridan, gap 80 foizdan ko‘proq samaradorlik haqida boryapti». Uning so‘zlariga ko‘ra, ittifoqchilar «qurolli kuchlar Rossiya flotini Qrimdan siqib chiqarish uchun amalga oshiradigan» hujumkor harakatlarni ham olqishlagan. «Ukraina uchun bunday muvaffaqiyat juda to‘g‘ri strategiya ekanligi haqida signal berildi, chunki eng yaxshi mudofaa bu - hujum», dedi Ukrainaning NATOdagi missiyasi rahbari.
Rossiyaga raketa yetkazib berilishi uchun sanksiya kiritishga chaqiriqlar







