Ukraina Rossiya KXDR raketalaridan foydalangani haqidagi dalillar to‘g‘risida ma’lum qildi
Ukraina bosh prokurori ekspert ma’lumotlariga tayanib, Rossiya qo‘shinlari Xarkivni o‘qqa tutishda Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan raketalardan foydalanganini bildirdi. AQSh KXDRdan Rossiyaga raketa yetkazib berilgani uchun sanksiyalar joriy qildi.
Ukraina bosh prokuraturasi Rossiya qo‘shinlari Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan raketalardan foydalangani ehtimoli bo‘yicha dastlabki dalillarni oldi, dedi Ukraina bosh prokurori Andrey Kostin 11 yanvar, payshanba kuni «Yedinyye novosti» telemarafonida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan raketalardan, xususan, 2 yanvar kuni Xarkivni o‘qqa tutishda foydalanilgan.
«Dastlabki ilmiy-texnik ekspertiza natijalari 2 yanvar kuni Xarkivning markaziy qismiga uchirilgan raketa Shimoliy Koreya tomonidan ishlab chiqilgan qisqa masofaga uchuvchi raketa ekanligini tasdiqladi», — dedi Kostin.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hozir keng qamrovli ekspertiza o‘tkazilmoqda, u yakuniy tarzda ishlatilgan raketani aniqlashi kerak. Bundan tashqari, yaqinda Xarkiv va Odessa viloyatlarini o‘qqa tutish vaqtida rus qo‘shinlari tomonidan otilgan raketa parchalarini qidirish davom etmoqda.
AQSh KXDRdan Rossiyaga raketalar yetkazib berilgani va sinovlar o‘tkazilgani uchun sanksiyalar kiritdi
AQSh Davlat departamenti shu kuni, 11 yanvar kechqurun «Rossiyaning Ukrainaga qarshi foydalanishi uchun KXDRdan ballistik raketalarni uzatish va sinovdan o‘tkazishda ishtirok etgan» uch yuridik shaxs va bir jismoniy shaxsga qarshi sanksiyalarni e’lon qildi.
Departament saytida e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, «224 letnyy otryad» davlat aviakompaniyasi va uning direktori Vladimir Mixeychik sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Bundan tashqari, Astraxan viloyatidagi Ashuluq va Vladimirovka poligonlariga ham cheklovlar kiritildi. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken o‘z bayonotida: «Biz bundan keyin ham chora ko‘rishdan tortinmaymiz» dedi.
Avvalroq Qo‘shma Shtatlar Rossiya qo‘shinlari tomonidan Ukrainada Shimoliy Koreya ballistik raketalari qo‘llanganining uchta holati haqida xabar bergan edi - 30 dekabr, 2 va 6 yanvar kunlari. Shu sababli, Qo‘shma Shtatlar boshchiligidagi bir qancha davlatlar Rossiya Federatsiyasini BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi sifatida «o‘z pozitsiyasini suiiste’mol qilishda» aybladi. Moskva va Pxenyan Shimoliy Koreyaning Rossiyaga qurol yetkazib berishini bir necha bor rad etgan.
Janubiy Koreya Rossiyaga KXDRdan yangi raketalar yetkazib berilishi ehtimoli borligini ma’lum qildi
Janubiy Koreya mudofaa vaziri Shin Von Sik 11 yanvar kuni chop etilgan intervyusida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning KXDRdagi harbiy zavodga yaqinda qilgan tashrifiga e’tibor qaratdi. Shimoliy Koreya davlat ommaviy axborot vositalari tashrifni yoritishda Janubiy Koreya harbiylari taktik yadro qurolini olib yurishga qodir qisqa masofali ballistik raketalar deb ta’riflagan yangi qurol tizimini ko‘rsatdi.
«Shimoliy Koreya 2022 yil aprelida birinchi marta qisqa masofali ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi. Bu qurolning yangi turi bo‘lib, 100-180 kilometr masofani bosib o‘tadi», - dedi Shin Von Sik. Uning fikricha, Kim Chen Inning zavodga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni hisobga olgan holda ushbu yangi raketalarni Rossiyaga yetkazib berish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
20:08 / 27.11.2024
Rossiyada Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimi joriy etilishi kutilmayapti
19:39 / 27.11.2024
2024 yilda Rossiyani bir million migrant tark etdi
08:30 / 27.11.2024
G7 RFning yadroviy ritorikasini qoralab chiqdi
01:17 / 27.11.2024